“Tolibon” ayollar diplomini tasdiqlashni taqiqladi

Olam

image

Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati Tashqi ishlar vazirligi afg‘on ayollarining akademik hujjatlarini tasdiqlashni rad etmoqda. Bu haqda “Afghanistan International” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Qobulning bir necha aholisi vazirlik darvozasi oldidayoq ularga: “Ayollar hujjatlarini verifikatsiya qilish (haqiqiyligini tasdiqlash) endi taqiqlangan”, deya aytganini ma’lum qilgan.

Ushbu qaror amalda ko‘plab ayollarni xorijda o‘qishni davom ettirish yoki ishga joylashish imkoniyatidan mahrum qiladi. Bundan tashqari, shunga o‘xshash cheklovlar oliy ta’lim tizimida ham joriy etilgan. Rahbariyat xorijiy oliy o‘quv yurtlari va tashkilotlari uchun akademik ma’lumotlarni tekshirishni – ham ayollar, ham erkaklar uchun to‘xtatib turish haqida ko‘rsatma bergan.

Universitetlarga xorijdan talabalarning o‘zlashtirishi, diplomlari va o‘qish maqomiga oid so‘rovlarga javob bermaslik haqida og‘zaki topshiriq berilgan. Shu tariqa, xalqaro OTMlar bilan aloqa qilish va xalqaro ta’lim dasturlari bilan hamkorlik qilish amalda bloklanmoqda.

Shu bilan birga, ushbu choralarni keng jamoatchilikka oshkor qilmaslik uchun “jimgina va maxfiy ravishda” amalga oshirish tavsiya etilgan.

Mamlakat aholisi bu qarorni adolatsiz deb atab, u chet elda ta’lim olish va ishlash imkoniyatlarini yopib qo‘yishini ta’kidlamoqda. Avvalroq hukumat oltinchi sinfdan yuqori bo‘lgan qizlarning o‘qishini taqiqlagan va ayollarning mehnat faoliyatida, jumladan, xalqaro tashkilotlarda ishtirok etishini cheklab qo‘ygan edi.

Jahon hamjamiyatining bosimiga qaramay, cheklovlar siyosati o‘zgarishsiz qolmoqda. Yetakchi Haybatulloh Oxundzodaning ko‘rsatmalari hamda “Ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish” vazirligining qoidalari yangi taqiqlar joriy etish orqali afg‘on ayollarining hayotini jiddiy ravishda qiyinlashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistonning Qobul shahrida Seyar ismli yosh yigit “Tolibon” muvaqqat hukumati vakillari tomonidan kaltaklanib, elektr toki bilan qiynoqqa solingach halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon diplom

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing