Erondagi urush AQSHga 25 milliard dollarga tushdi – Pentagon (video)
Olam
−
30 aprel 1840 3 daqiqa
AQSHning Eronga qarshi urushi hozirgacha 25 milliard dollarga tushdi. Bu haqda kecha, 29 aprel kuni Pentagonning yuqori lavozimli amaldori ma’lum qildi va bu mojaroning harbiy xarajatlari bo‘yicha ilk rasmiy bayonot bo‘ldi.
Noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlarga olti oy qolgan bir paytda, Prezident Donald Trampning respublikachilari Kongressdagi ko‘pchilik tarafdorlarini saqlab qolish uchun qiyin kurash olib borishi kutilmoqda. Demokratlar esa jamoatchilik fikridagi reytinglarda ustunlikka ega bo‘lib, Eron urushi masalasini iqtisodiy qiyinchiliklar bilan bog‘lashga harakat qilmoqda.
Moliyaviy nazoratchi vazifasini bajarayotgan Juls Hyorst Kongressning Qurolli kuchlar qo‘mitasi a’zolariga aytishicha, bu mablag‘ning asosiy qismi o‘q-dorilarga sarflangan. Hyorst ushbu hisob-kitob nimalarni o‘z ichiga olgani, jumladan, Yaqin Sharqdagi baza infratuzilmasini qayta tiklash va ta’mirlash xarajatlari kiritilgan yoki kiritilmagani haqida aniq ma’lumot bermagan.
“So‘rovga javob berganingizdan xursandman. Chunki biz bu raqamni ancha vaqtdan beri so‘rab kelyotgan edik va hech kim ochiqlamayotgangan edi”, deya munosabat bildirgan qo‘mitadagi yetakchi demokrat Adam Smit.
Mudofaa vaziri Pit Hegset esa qonun chiqaruvchilarga bu xarajatlar Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishining oldini olish maqsadi bilan oqlanishini aytgan.
“Eronning yadroviy bombaga ega bo‘lmasligini ta’minlash uchun siz qancha to‘lar edingiz? Qancha?”, degan u.
Hegset, shuningdek, Eron urushiga nisbatan tanqidlarni rad etgan va demokratlarni keskin tanqid qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, 25 milliard dollar – bu joriy yildagi NASA byudjetiga teng. Biroq Pentagon bu summa xulosasiga qanday kelgani noma’lum. Chunki o‘tgan oyda “Reuters” agentligining ma’lum qilishicha, urushning dastlabki olti kunining o‘zi AQSHga kamida 11,3 milliard dollarga tushgan.
AQSH 28 fevraldan boshlab Eronga qarshi hujumlarni amalga oshira boshlagan va hozirda tomonlar vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish holatida turibdi. Pentagon Yaqin Sharqqa qo‘shimcha o‘n minglab harbiylarni jo‘natgan. Mojaroda 13 nafar amerikalik harbiy halok bo‘lgan, yuzlab askarlar jarohat olgan.
AQSH saylovchilari uchun hozirda narx-navo masalasi eng muhim omillardan biri bo‘lib qolmoqda. Urush boshlanganidan beri neft va gaz yetkazib berishdagi uzilishlar benzin va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxlarining oshishiga olib kelgan. Qo‘shma Shtatlar uchun benzin narxi so‘nggi to‘rt yildagi eng yuqori darajaga chiqqan.
Oraliq saylovdan oldingi so‘rov natijalariga ko‘ra, Trampning reytingi ham pasaygan bo‘lib, amerikaliklarning atigi 34 foizi Eronga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu ko‘rsatkich aprel o‘rtalarida 36 foiz, mart o‘rtalarida esa 38 foiz bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron manbasiga tayanib AQSHning Eronga qarshi harbiy amaliyotiga sarflangan mablag‘ 65 milliard dollardan oshib ketganligi haqida ma’lum qilingan edi.
Oybek Rustamov
Live
Barchasi