“Tolibon” Qo‘shtepa kanali qurilishining ikkinchi bosqichini boshladi (video)

Olam

image

Amudaryodan suv oladigan Afg‘onistondagi Qo‘shtepa kanali qurilishining ikkinchi bosqichiga start berildi. Bu haqda TOLONews xabar berdi.

Afg‘oniston shimolidagi Balx viloyatida bo‘lib o‘tgan tadbirda “Tolibon”ning yuqori martabali vakillari qatnashgan.

Unda qurilish yakuniga yetgach, Afg‘oniston o‘zini o‘zi g‘alla bilan to‘liq ta’minlay olishi aytildi.

“Afg‘oniston qishloq xo‘jaligi va suv xo‘jaligiga jiddiy e’tibor qaratish niyatida. Qo‘shtepa kanali qurilishi bunga misoldir”, degan “Tolibon” bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari mulla Abdul G‘ani Barodar.

Shuningdek, ochilish marosimida so‘zga chiqqan “Tolibon” vakillari mintaqa davlatlari, xususan, O‘zbekistonni Qo‘shtepa kanali qurilishidan xavotirlanmaslikka chaqirgan. Ular mintaqa davlatlarining xavotirlarini diplomatik yo‘llar orqali hal qilishga tayyorligini bildirgan.

"Afg‘onlar g‘ayratli xalq bo‘lib, o‘z majburiyatlari va va’dalariga sodiqdir. Biz chegaradan o‘tmaymiz va huquqlarimizni himoya qilamiz", degan “Tolibon” ichki ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Sirojiddin Haqqoniy.

Qo‘shtepa kanalining uzunligi 280 kilometr, eni 100 metr bo‘lib, u Balx viloyatining Qaldar tumanidan boshlanib, Jauzjon viloyatidan o‘tib, Andxoy Faryob tumaniga yetib boradi.

Eslatib o‘tamiz, shu oy boshida Qo‘shtepa kanali qurilishining birinchi bosqichi yakunlangandi. Joriy yilning 15 sentyabr kuni Dushanbeda bo‘lib o‘tgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi (OQXJ) ta’sischilari – Davlat rahbarlari kengashining yig‘ilishida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha mintaqaviy muzokaralarga Afg‘onistonni ham jalb etishni taklif qilgandi. U Afg‘onistonda Qo‘shtepa kanalining ishga tushirilishi Markaziy Osiyodagi suv rejimi va muvozanatini tubdan o‘zgartirishi mumkinligini aytgandi. “Tolibon”ning energetika va suv vaziri vazifasini bajaruvchi Abdul Latif Mansur esa qo‘shni davlatlar bilan Amudaryo suvidan foydalanish muammosini muhokama qilishga tayyorligini, biroq Afg‘onistonning hech kim bilan suv bo‘yicha shartnomasi yo‘qligini bildirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon Qo'shtepa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing