“Tolibon” Qatardagi muzokaralarni tark etdi
Olam
−
09 fevral 2021
9609“Tolibon” vakillari Qatar poytaxti Dohada o‘tkazilayotgan Afg‘onistonda vaziyatni hal qilish bo‘yicha muzokaralarni tark etdi. Bu haqda Afg‘oniston Milliy yarashuv kengashi raisi Abdulla Abdulla ma’lum qilgan.
“Toliblar muzokaralardan chiqdi va qolganlarning ba’zilari esa tinch muloqotga kirisha olmayapti”, deydi Abdulla Abdulla.
Qayd etish kerakki, joriy yilning yanvar oyida “Tolibon” vakili Zabiulla Mudjaxid agar AQSH Afg‘onistonga aviazarbalar berishni davom ettirsa, harakat buni Doha tinchlik jarayonini qasddan buzish sifatida baholashini aytgan edi.
Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida Qatarda bo‘lib o‘tgan marosimda AQSH va “Tolibon” 18 yildan ortiq davom etgan urushdan so‘ng, birinchi tinchlik bitimini imzoladi. Unga ko‘ra, 14 oy ichida AQSH Afg‘oniston Islom respublikasidan qo‘shinini olib chiqib ketishi va mahbuslar almashinuvidan keyin, afg‘onlararo muloqotning boshlanishi kerak edi.
O‘sha paytdagi AQSH Davlat kotibi Mayk Pompeoning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar 2021 yil mayigacha Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini to‘liq olib chiqishni rejalashtirgan.
Ammo keyinchalik, Pentagon vakili Jon Kirbi toliblar Vashington bilan kelishuvdagi va’dalarini bajarmaganini aytdi. Kirbi o‘shanda “Tolibon” vakillarini teraktlar uyushtirishda va afg‘on askarlariga hujum qilishda ayblagandi.
O‘z navbatida, “Tolibon” bu bayonotlarni rad etib, Dohada imzolangan bitimga rioya qilinganini ta’kidlagan.