“Tolibon” qanday qilib bunchalik tez g‘alaba qildi?

Olam

image

“Tolibon” vakillari 2020 yil boshidan Afg‘oniston rasmiylari va harbiylarini pora evaziga sotib ola boshlagan. Bu haqda “The Washington Post” yozmoqda.

Qayd etilishicha, toliblar Afg‘oniston rasmiylari va harbiylariga pora berish, ulardan noqonuniy qurol sotib olish, bitimlar darajasini asta-sekin oshirish orqali tez g‘alabaga erishgan.

Afg‘onistonlik harbiyning nashrga ma’lum qilishicha, toliblar va afg‘on rasmiylari o‘rtasidagi birinchi bitim qishloqlardagi kichik hukumat amaldorlari bilan bo‘lgan. Hujjatlarda bu sulh bitimi sifatida rasmiylashtirilgan, lekin aslida “Tolibon” hukumat qo‘shinlaridan qurol sotib olgan.

Bir yil ichida bunday kelishuvlar tumanlar darajasiga, so‘ngra Afg‘oniston viloyatlari markazlarigacha yetib bordi. Natijada 2021 yilning yozida viloyatlar jangsiz “Tolibon”ga taslim bo‘ldi.

G‘arb OAVga ko‘ra, Afg‘oniston hukumati qo‘shinlari rasman 300 mingdan ortiq bo‘lgan. Biroq, aslida ularning haqiqiy soni noma’lum bo‘lib, korrupsiyaga botgan Afg‘oniston armiyasida “arvoh askarlar” uchun oylik maoshlari to‘langan. Ushbu pullar esa ta’sir doirasi katta bo‘lgan generallar cho‘ntagiga ketavergan. 

Bundan tashqari, “Tolibon” jangarilarining mafkuraviy jihatdan kuchli va bir maqsad yo‘lida birlashganini ham esdan chiqarmaslik kerak.

“Tolibon” harakatini Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi islomiy fondlar moliyaviy qo‘llab-quvvatlamoqda”, deydi Rossiya Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov “Exo Moskva”ga bergan intervyusida.

Uning qo‘shimcha qilishicha, so‘nggi yillarda hech kim “Tolibon”ga chetdan qurol yetkazib bermagan, chunki “bunga ehtiyoj yo‘q edi”.

“Tolibon” hukumat kuchlari bilan jang qilar ekan, ular Afg‘oniston armiyasi va politsiya omborlaridan muvaffaqiyatli qurol sotib olishdi, shuningdek u yerdan o‘q-dorilarni ham olishdi”, deydi rossiyalik diplomat.

Qayd etish kerakki, Afg‘oniston hukumatiga zamonaviy qurollarni AQSH yetkazib bergan. Amerika tarixida eng uzoq – 20 yil davom etgan Afg‘oniston urushi yillarida rasmiy Vashington 2 trillion dollar mablag‘ sarfladi.

“Tolibon” davrida Afg‘oniston byudjeti qanday quriladi, degan savolga Kabulov “qochgan hukumat byudjetdan hamma pulni olib ketmagandir”, deya javob bergan.

“Agar biror narsa qolgan bo‘lsa, bu byudjetning asosi bo‘ladi. Afg‘oniston hech qachon boy mamlakat bo‘lmagan, u daromad bilan yashaydi. Umid qilamanki, bu daromad giyohvandlikdan tushmaydi”, deya qo‘shimcha qildi u. 

Qayd etish kerakki, Afg‘oniston Islom Respublikasi endi yo‘q. Joriy yilning 15 avgust kuni hokimiyat “Tolibon” harakati nazoratiga o‘tdi. Ular esa bir vaqtlar mavjud bo‘lgan Afg‘oniston Islom Amirligini qayta tuzmoqchi. Prezident Ashraf G‘ani iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi.

Uning hozir qayerda ekani ma’lum emas. Bu borada turli tomondan har xil xabarlar kelmoqda. Shu vaqtga qadar sobiq Prezident G‘anining Tojikiston, Omon va O‘zbekistonda bo‘lib turgani haqida axborot paydo bo‘ldi. Biroq, yakunda ularning hech biri o‘z tasdig‘ini topmadi. Katta ehtimol bilan u AQSHdan boshpana olmoqchi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1342

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing