“Tolibon”ga o‘lim”. Ahmad Mas’ud chaqirig‘idan keyin Afg‘onistonda namoyishlar boshlandi

Olam

image

Kecha, 6 sentyabr kuni kechqurun Afg‘onistonning bir qancha shaharlarida “Tolibon” harakatini tan olmagan Panjsher viloyatining Milliy qarshilik kuchlarini qo‘llab-quvvatlash namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Herat Times” xabar bergan.  

Ta’kidlanishicha, Milliy qarshilik kuchlari rahbari Ahmad Mas’udning “Tolibon”ga qarshilik ko‘rsatishga undagan chaqirig‘ini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek Pokiston rasmiylarining toliblar bilan hamkorlik qilish siyosatiga qarshi asosiy harakatlar Qobul, Daykundi viloyati, G‘azni va Hirot shaharlarida bo‘lib o‘tgan. 

Bundan tashqari, miting mamlakatning to‘rtinchi yirik shahri Mozori Sharifda ham bo‘lib o‘tgan. 

“Yashasin, Ahmad Mas’ud!”, “Tolibon”ga o‘lim!” va “Pokistonga o‘lim!” namoyishchilarning asosiy shiorlari bo‘lgan. Namoyish paytida sodir bo‘lgan voqealar haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. 

Mamlakat Milliy xavfsizlik boshqarmasining sobiq boshlig‘i Rahmatulla Nabil namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlagan. 

“Pokiston Afg‘onistonning dushmani bo‘lgan va shunday bo‘lib qolmoqda. Pokiston hukumatiga qarshi qo‘zg‘olon har bir afg‘on fuqarosining milliy burchi va vazifasi”, degan Nabil. 

Eslatib o‘tamiz, Afg‘oniston shimolida joylashgan Panjsher viloyatidagi Milliy qarshilik fronti lideri Ahmad Mas’ud mamlakatning barcha aholisini “Tolibon”ga qarshilik ko‘rsatishga chaqirgandi.

Afg‘onistondagi vaziyat

AQSHning Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy operatsiyasi Prezident Jo Bayden davriga kelib yakunlandi. AQSH qo‘shinlari joriy yilning 31 avgust kuni mamlakatni tark etdi. Bunga qadar Yevropaning boshqa davlatlari, jumladan Britaniya va Germaniya ham mamlakatni tark etdi. Ushbu jarayon yakunlanmasidan “Tolibon” harakati poytaxt Qobulni egallab, joriy yilning 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatdi. 19 avgust kuniga kelib toliblar Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon

Baholaganlar

338

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing