“Tolibon” dunyoga chaqiriq bilan chiqdi
Olam
−
11 avgust 25971 2 daqiqa
Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati AQSH va boshqa mamlakatlarni amaldagi hukumatni tan olishga va Vashingtondagi Afg‘oniston elchixonasini guruhga topshirishga chaqirdi. Bu haqda Afg‘oniston oliy rahbari matbuot kotibi Zabihullo Mujohid RTA telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Tolibon” rasmiysi AQSH bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar haqida gapirgan.
“Bizning AQSH bilan vaqti-vaqti bilan aloqalarimiz bor. Siz yaqinda AQSH vakilining Qobulga kelganiga guvoh bo‘lgansiz. Xuddi shunday, bizning vakillarimiz Qatarga yoki boshqa davlatlarga borganda, amerikalik rasmiylar bilan uchrashadi. Biz ulardan rasmiy tan olishlari va AQSHdagi Afg‘oniston elchixonasini bizga topshirishlarini so‘radik. Hali ijobiy javob olmaganimizga qaramay, afg‘on xalqi o‘z huquqlarini ta’minlashni istaydi”, degan Mujohid.
U Rossiyaning amaldagi Afg‘oniston hukumatini tan olganini eslatib, boshqa davlatlarni ham shunday yo‘l tutishga chaqirgan.
“Afg‘onistonda hech bir davlat bilan muammo yo‘q va barcha xalqlar bilan yaxshi munosabat o‘rnatishga intiladi. Rossiya Afg‘onistonning niyatlarini tushundi, bu masalada tashabbus ko‘rsatdi va imkoniyatdan foydalandi. Biz boshqa mamlakatlarni ham shunday dadil qadam tashlashga va Afg‘oniston bilan aloqalar o‘rnatishga chaqiramiz”, deya qo‘shimcha qilgan “Tolibon” rasmiysi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyi boshida Rossiya “Tolibon”ni Afg‘onistonning qonuniy hukumati sifatida rasman tan olgandi.
Live
Barchasi