“Tolibon”dan qochgan etnik qirg‘izlar Afg‘onistonga qaytarildi
Olam
−
19 iyul 2021
6039Joriy yilning 17-18 iyul kunlari Tojikistonning Murg‘ob viloyatida bo‘lib turgan 345 nafar afg‘onistonlik qirg‘izlar o‘zlarining doimiy yashash joylariga, aniqrog‘i Afg‘onistonning Badaxshon viloyatiga qaytarildi. Bu haqda Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) chegara qo‘shinlari Matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, qochqinlar vataniga 4 ming bosh uy hayvonlari va transport vositalari bilan qaytgan. Chegara agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, afg‘on qochqinlarining xavfsizligi Afg‘oniston hukumati tomonidan kafolatlanganidan so‘ng, ularni qaytarish Tojikistonning Murg‘ob viloyati chegara hududi orqali amalga oshirilgan.
“Afg‘on qochqinlari Murg‘ob viloyatining Choshtepa va Duyutuk hududlarida bo‘lgan vaqtlarida BMTning “Qochoqlar maqomi to‘g‘risida”gi konvensiyasiga muvofiq, Tojikiston tomonidan vaqtincha yashash, oziq-ovqat, kiyim-kechak va tibbiy xizmat uchun tegishli buyumlar bilan ta’minlangan”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Afg‘onistondagi harbiy keskinlik sabab joriy yilning 13-14 iyul kunlari 347 nafar tinch aholi vakillari (shu jumladan 91 nafar erkak, 77 nafar ayol, 177 nafar voyaga etmagan (64 nafar o‘g‘il, 113 nafar qiz) etnik qirg‘iz bo‘lgan afg‘onistonliklar chegaradan o‘tib, Tojikistonga qochib ketgandi. Davlat chegarasini kesib o‘tishda ikki go‘dak vafot etgan.
Ushbu voqealarga munosabat bildirgan Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi joriy yilning 15 iyul kuni bayonot bilan chiqib, afg‘onistonlik etnik qirg‘izlarni o‘z hududiga qabul qilishga tayyor ekanini ma’lum qilgandi.
Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.
LiveBarchasi