“Tolibon” bo‘ysunmayotgan Panjsher rahbariyatiga murojaat yo‘lladi
Olam
−
22 avgust 2021
46096“Tolibon” harakati Moskvadan Panjsher viloyati bilan siyosiy muloqot o‘rnatishga ko‘maklashishni so‘radi. Bu haqda Rossiyaning Qobuldagi elchisi Dmitriy Jirnov ma’lum qildi.
Diplomatning aytishicha, bugungi kunda Afg‘onistonda toliblar nazoratida bo‘lmagan bitta nuqta — Panjsher viloyati qolgan.
“Bugun elchixonaga “Tolibon” siyosiy idorasining yuqori martabali vakili tashrif buyurdi. U Rossiyaning Afg‘onistonda nufuzi baland ekanini inobatga olgan holda, bizdan panjsherliklarga siyosiy signal yetkazishimizni so‘radi”, deydi Jirnov.
Elchining ta’kidlashicha, Prezident Ashraf G‘ani qochib ketganidan so‘ng, o‘zini davlat rahbari, deb e’lon qilgan birinchi vitse-prezident Amrulloh Solih ushbu viloyatda bo‘lib turibdi. Shuningdek, sobiq mujohidlar dala qo‘mondoni Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li ham o‘sha yerda. U avvalroq G‘arb davlatlaridan “Tolibon”ga qarshi kuchlarga qurol bilan yordam berishni so‘ragan. Elchining so‘zlariga ko‘ra, panjsherliklar afg‘on xalqidan partizan guruhlarini shakllantirmoqchi.
“To‘g‘risi, ular (toliblar — tahr.) Rossiyadan Panjsher rahbarlariga quyidagilarni yetkazishni so‘radi: “Shu paytgacha toliblar Panjsherga kuch bilan kirishga bir marta ham urinishmagan. Guruh tinch yo‘l bilan masalaga yechim topishga umid qilmoqda. Masalan, siyosiy kelishuv orqali hal qilish. “Tolibon” qon to‘kishni xohlamaydi va muloqot kayfiyatida. Toliblarning o‘zi vaziyatni sobiq birinchi vitse-prezident Solihdan ko‘ra, madaniyatliroq tarzda hal qilmoqchi”, deya ta’kidladi Jirnov.
Panjsher — “Tolibon”ga bo‘ysunmagan yagona viloyat
Ushbu viloyat Afg‘onistoning sharqida joylashgan bo‘lib, u yerda taxminan 150 ming aholi yashaydi. Qayd etish kerakki, viloyatning 98 foiz aholisi etnik tojiklardan tashkil topgan. Panjsherda “Tolibon”ga qarshi kuchlar to‘planayotgani ham aytilmoqda va hozirda ushbu provinsiya toliblarga qarshilik ko‘rsatish markazi bo‘lishi taxmin qilinyapti.
Bu yerda Afg‘onistonning bir qator nufuzli siyosiy figuralari jamlangan: mamlakatning 1992-1996 yillardagi Mudofaa vaziri, mashhur “dala qo‘mondoni” Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud, birinchi vitse-prezident Amrulloh Solih, Marshal Abdul-Rashid Do‘stum hamda uning o‘g‘li Yormuhammad Do‘stum.
20 yil deganda Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH
2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlandi.
Afg‘onistondagi davlat to‘ntarishi
Afg‘onistonni bir yirik kuch tark etishi ortidan boshqa bir kuch — “Tolibon” mamlakat hududlarini egallay boshladi. Qayd etish kerakki, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi oxiriga yetmay turib, “Tolibon” mamlakat poytaxtini egalladi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatgan toliblar 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi.
LiveBarchasi