“Tolibon” Afg‘onistonning yana ikki hududini egalladi

Olam

image

“Tolibon” jangarilari Afg‘oniston shimolidagi Faryob viloyatining yana ikki tumanini egalladi. Bu haqda “Anadolu” agentligi xabar berdi.

Faryob viloyati deputati Bobur Jamolning jurnalistlarga ma’lum qilishicha, toliblar Karamkol, Qo‘rg‘on va Andxoy tumanlariga hujum uyushtirgan.

Natijada toliblar Karamkol va Qo‘rg‘on tumanlarida nazorat o‘rnatgan, xavfsizlik kuchlari esa hududni tashlab ketishga majbur bo‘lgan. Andxoy esa janglar davom etmoqda.

Jamol hukumat kuchlari jangarilarga qarshilik ko‘rsatish uchun yetarlicha harakat qilmayotganini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, toliblar har uchchala tumanni ham egallaganini aytmoqda.

Bir kun oldin jangarilar Faryob viloyatining Gurzivan tumanini egallab olishgandi.

Afg‘oniston Mudofaa vazirligi 9 viloyatda Tolibon jangarilariga qarshi operatsiya davomida 129 “Tolibon” jangchisi o‘ldirilgani, 35 kishi yaralangani va 21 ta portlovchi moslama zararsizlantirilganini ma’lum qilgandi.

Amaliyot natijasida bir nechta hudud yana xavfsizlik kuchlari nazoratiga o‘tdi.

Faollashib qolgan “Tolibon”

Qayd etish kerakki, AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlagandan beri “Tolibon” keskin harakat qilmoqda. Tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi o‘n kun ichida Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegaradosh to‘rt viloyatida hukumat kuchlari va “Tolibon” o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lgan.

Natijada Tahor viloyatining Chaheb, Yangi Kal’a, Darkad, Dashti Qal’a, Xojag‘or tumanlari, Qunduz viloyatining Dashti Archi, Imom Sohib va Qal’ai Zol tumanlari, shuningdek Sherxon-Bandar va Kokul nazorat punktlari “Tolibon” nazorati ostiga o‘tdi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, 22 iyun holatiga Afg‘onistonning 50 dan ortiq tumanini egallagan. 

So‘nggi kunlarda toliblar bilan janglarda og‘ir zarbaga uchragan afg‘on qo‘shinlarining qo‘shni respublikalar hududiga qochib o‘tish holatlari kuzatildi. Jumladan, joriy yilning 22 iyun kuni 130 dan ortiq afg‘on harbiylari chegaradosh Tojikistonga, 23 iyun kuni esa ularning 53 nafari O‘zbekistonga qochib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida AQSH Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish ishlarini boshlab yubordi. Shu vaqtgacha Amerika o‘z harbiy kontingentining uchdan bir qismini bu mamlakatdan olib chiqib ketdi.  

Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi. Biroq bu jarayonning “start” olishi biroz kechikdi.

Joriy yilning 14 aprel kuni Prezident Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganini va 1 maydan boshlab ushbu mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qildi. Unga ko‘ra, qo‘shinlarni olib chiqib ketish 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon

Baholaganlar

251

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing