“Tolibon” Afg‘onistonning barcha kinoteatrlarini yopdi – OAV

Olam

image

Afg‘onistonni boshqarayotgan “Tolibon” mamlakat poytaxti Qobulda bir necha o‘n yillardan beri faoliyat yuritib kelgan tarixiy “Ariana” kinoteatrini yopdi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi

Qayd etilishicha, toliblar bir necha oy oldin barcha kinoteatrlarni yopishni buyurgan. “Ariana” kinoteatrida hind va Amerikaning jangovar filmlari namoyish qilingan.

Xabarga ko‘ra, “Tolibon” kinoteatrlarni shariat qonunlariga zid, deb topgan va ularni yopish qaroriga kelgan. Kinoteatrlar diniy targ‘ibot uchun qayta ochilishi ham mumkinligi aytilgan.

Xodimlar kinoteatrlar qayta ochilishiga umid qilib, ishga chiqishda davom etmoqda, biroq ular ko‘ngilochar filmlarning namoyish etilishiga ruxsat berilmaydi, deb hisoblamoqda.

“Kino juda muhim, usiz mamlakatda madaniyat bo‘lmaydi. Filmlar orqali biz boshqa davlatlarni – Amerika, Yevropa, Hindistonni ko‘rishimiz mumkin edi”, deydi jurnalistlar bilan suhbatda “Ariana” xodimlaridan biri.

Eslatib o‘tamiz, toliblar Afg‘onistonda xorijiy valyutadan foydalanishni taqiqlagandi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 15 avgust kuni mamlakatda hokimiyatni egallagan toliblar, 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligini tuzdi. Joriy yilning 6 sentyabr kuni “Tolibon”ga bo‘ysunmay turgan yagona viloyat – Panjsher egallangach, 7 sentyabr kuni harakat rahbarlari muvaqqat hukumatni shakllantirdi

Qayd etish kerakki, toliblar Afg‘onistonda hokimiyatga kelgach, chet davlatlar hamda xalqaro tashkilotlardan kelayotgan yordam to‘xtab qoldi. Bundan tashqari, minglar afg‘onlar vatanini tark etdi va bu jarayon hali ham davom etmoqda. Toliblarni Afg‘onistonda tarafdorlari ko‘pligiga shubha yo‘q, biroq ular hokimiyatga kelgach ko‘plab qiyinchiliklarga uchramoqda. Ayniqsa, moliyaviy tomondan yo‘qotishlar katta.

Shunday bir davrdan jahon hamjamiyati Afg‘onistonni bee’tibor qoldirmoqchi emas. Bunday xatoga dunyo yetakchilari avval yo‘l qo‘ygan. Buning oqibatlari ayniqsa AQSHning esidan chiqmaydi. Afg‘oniston terrorchi guruhlar uyasiga aylanmasligi uchun jahon yetakchilari “Tolibon” bilan ishlamoqchi, hatto ushbu harakat BMT tomonidan terrorchilik tashkiloti, deb tan olingan bo‘lsa ham.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

100

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing