“Tolibon” Afg‘onistonni rivojlantirish bo‘yicha strategiya ishlab chiqdi
Olam
−
27 avgust 2025 3128 2 daqiqa
Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati mamlakatni rivojlantirish bo‘yicha besh yillik strategiyani ma’qulladi, bu esa boshqaruv, xavfsizlik va iqtisodiyot sohalarida kelgusi yillarga mo‘ljallangan harakatlar rejasidir. Bu haqda Qobuldagi matbuot anjumanida hukumat rasmiysi Zabiulla Mujohid ma’lum qildi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, hukumat tomonidan tasdiqlangan hujjat barcha davlat institutlarini “Tolibon” nazorati ostida birlashtirishga qaratilgan bo‘lib, strategiyaning o‘zi mamlakat ichki resurslari va imkoniyatlaridan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Strategiya 3 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha tuzilgan:
- boshqaruv va xalqaro aloqalar;
- xavfsizlik va jamoat tartibi;
- iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish.
Kelgusi besh yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasida qishloq xo‘jaligi, tabiiy resurslar va energetika, transport va kommunikatsiyalar, ta’lim, sog‘liqni saqlash va atrof-muhitni muhofaza qilish kabi 10 ta asosiy tarmoq belgilangan.
Hujjatda 15 ta ustuvor dastur ham mavjud. Xususan, islom qonunlariga rioya qilishni ta’minlash, davlat sektorini isloh qilish, shaffoflik va mas’uliyatni ta’minlash, jamoat tartibini va chegara xavfsizligini mustahkamlash, jinoyatchilikning oldini olish va mahalliy davlat hokimiyati institutlarini mustahkamlash, shahar va qishloqlarni rivojlantirish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va oziq-ovqat xavfsizligini oshirish, ta’lim tizimini kengaytirish, telekommunikatsiya va axborot texnologiyalarini rivojlantirish kabilar shular jumlasidandir.
“Strategiyadan maqsad butun Afg‘onistonning mutanosib rivojlanishini ta’minlash va “Tolibon” vazirliklari va idoralari faoliyatini yanada muvofiqlashtirish”, degan Mujohid.
Ommaviy axborot vositalari Mujohid strategiyada qizlarning maktabga borishiga ruxsat berish niyatining yo‘qligi haqida izoh bermaganini va bu mavzuni “ikkinchi darajali masala” deb ataganini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, u besh yillik harakatlar rejasi kengroq milliy masalalarga qaratilganini aytgan.
Mujohid, shuningdek, “Tolibon” konstitutsiyani ishlab chiqishni davlat boshqaruvining muhim elementi deb biladimi, degan savolga aniq javob berishdan bosh tortdi.
Afg‘onistonni rivojlantirish strategiyasiga bag‘ishlangan tadbirda muvaqqat hukumat bosh vaziri o‘rinbosari Mulla Abdul G‘ani Barodar Oxund so‘zga chiqib, mazkur hujjat islom tamoyillari, ilmiy andozalar va mamlakatda shakllangan shart-sharoitlar asosida ishlab chiqilganini ta’kidladi.
U barcha mansabdor shaxslarni dasturlarni ishlab chiqish, ustuvorliklarni belgilash, xarajatlarni baholash va strategiyaning amalga oshirilishini nazorat qilish umumiy mas’uliyat ekanini tan olishga chaqirdi, bu esa turli idoralar o‘rtasida doimiy yaqin hamkorlikni talab qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati AQSH va boshqa mamlakatlarni amaldagi hukumatni tan olishga va Vashingtondagi Afg‘oniston elchixonasini guruhga topshirishga chaqirgandi.
Live
Barchasi