“Tolibon” Afg‘onistonni egallab oladimi? Putinning maxsus vakili javob berdi
Olam
−
21 iyul 2021
10642Afg‘onlararo muzokaralardan natija bo‘lmagan taqdirda Afg‘onistonda hokimiyat “Tolibon” tomonidan egallab olinishi haqiqatga aylanadi. Bu haqda kecha, 20 iyul kuni Rossiya Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar milliy yarashuv jarayonida haqiqiy harakat bo‘lmasa, Afg‘onistondagi harbiy-siyosiy muvozanat “Tolibon” harakati foydasiga qayta shakllanadi.
“Va toliblarning mamlakatda hokimiyatni zo‘ravonlik bilan qo‘lga kiritishi juda haqiqiy istiqbolga aylanadi”, deydi Rossiya Prezidenti maxsus vakili hamda Tashqi ishlar vazirligining ikkinchi Osiyo departamenti direktori Zamir Kabulov “Valday” xalqaro munozara klubida bo‘lib o‘tgan onlayn-munozarada.
Zamir Kabulov shunga qaramay, toliblar Afg‘oniston viloyatlarining yirik ma’muriy markazlarini hanuzgacha egallab olishga qodir emasligini qayd etgan.
“Toliblar hali[Afg‘oniston] viloyatlarning yirik ma’muriy markazlarini egallashga qodir emas. Garchi men yaqin kelajakda [Toliblar] ikki yoki uchta ma’muriy markazni o‘z nazoratiga olishi mumkinligini istisno qilmasam-da, ular egallab olish, eng muhimi, mamlakatning yirik viloyatlarini uzoq muddat o‘z nazoratlari ostida saqlab qolish uchun yetarli kuchga ega emas”, deya qo‘shimcha qildi u.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17-18 iyul kunlari Qatar poytaxti Dohada Afg‘onistondan borgan yuqori darajadagi delegatsiya va “Tolibon” vakillarining ikki kunlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Natijada, tomonlar tinchlik muzokaralarini davom ettirish bo‘yicha qisqa bayonot qabul qildi. Biroq o‘q uzishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilmadi.
Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.
LiveBarchasi
26 noyabr