“Tolibon” Afg‘onistondagi barcha xususiy ta’lim muassasalarini yopdi
Olam
−
18 aprel 2023
4366Afg‘onistondagi Muvaqqat hukumat – “Tolibon” tomonidan tuzilgan Ta’lim vazirligi mamlakat janubidagi Qandahor va Hilmand viloyatlaridagi barcha xususiy ta’lim muassasalarini yopdi. Bu haqda Qandahor ta’lim departamenti vakili Vakil-Ahmad Mutavakkilga tayanib, “Tolonews” telekanali xabar berdi.
Ahmad Mutavakkilning aytishicha, ularning idorasi Ta’lim vazirligidan Qandahordagi barcha xususiy mahalliy ta’lim muassasalarida darslarni to‘xtatish bo‘yicha xat olgan.
Maktubga ko‘ra, Ta’lim vazirligi tomonidan Qandahor va Hilmanddagi barcha ta’lim muassasalarining loyihalari va faoliyatini ko‘rib chiqish uchun delegatsiya tayinlangan. Shu maqsadda ushbu viloyatlarning ta’lim bo‘limlariga nodavlat ta’lim muassasalari faoliyatini to‘xtatish buyurilgan.
“Xavotirlanadigan hech narsa yo‘q. Ushbu bo‘limdagi muammolarni hal qilish bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda”, deydi Mutavakkil.
“Tolonews” manbalariga ko‘ra, ba’zi nodavlat tashkilotlar mamlakatning chekka hududlaridagi qizlar va o‘g‘il bolalar uchun mahalliy ta’lim darslarini bera boshlagan.
Hozirda mamlakatdagi 34 ta viloyatda 178 ta xususiy, 118 ta mahalliy va 60 ta xorijiy tashkilot faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ma’lumot uchun, “Tolibon” 2021 yil avgust oyida Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritgach, mamlakat fuqarolari, ayniqsa, qizlar va ayollarning turli darajalarga kirishini doimiy ravishda cheklab qo‘ygan.
Masalan, 2021 yil avgust oyidan boshlab 12 yoshdan oshgan qizlarning maktablarda ta’lim olishiga taqiq joriy qilingan. O‘tgan yilning dekabr oyidan buyon qizlarga oliy o‘quv yurtlarida o‘qish taqiqlangan.
LiveBarchasi