“Tolibon” Afg‘onistonda radikal davlat qurmoqchimi?

Olam

image

“Tolibon” Afg‘onistonda hokimiyat boshiga kelsa, qanday davlat quradi? Bu davlat radikal xarakterga ega bo‘lmaydimi? Ushbu savol bilan QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Shayxov Turkiya tashqi siyosat instituti direktori, akademik, professor, siyosiy fanlar doktori Husayin Bag‘chiga yuzlandi.

“Tolibon” boshqaruvidagi Afg‘onistonning radikal Islom bilan muvaffaqiyatga erishishi mumkin emas. Ayni vaqtda muvaffayatli bo‘lishlari mumkin, ammo ijtimoiy sohada yutuqqa erishmasliklari ko‘proq ayon. Shu bois dunyoga ochilishlari kerak. Mamlakatni yopib qo‘ya olmaydilar, zotan bu mintaqada yopiq bo‘lishlari ham mumkin emas. Chunki AQSH, Xitoy, Rossiya bu mintaqada. Hukumat tepasiga kelganlar bu kuchlar bilan, shuningdek mintaqadagi boshqa kuchlar – O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan muloqot qilishga majbur. Chegaralarni birgalikda qo‘riqlash va mamlakatni rivojlantirish uchun yordam olishga majbur. Xorijiy investitsiyalar kelmasa, Afg‘oniston o‘zini yangidan insho eta olmaydi”, deydi siyosatshunos.

Hozircha “Tolibon” boshqa mamlakatlarga xavf tug‘dirmadi ham deylik, lekin “Tolibon” radikal davlat qurish yo‘lini tanlasa, u bilan boshqalarning aloqasi qanday bo‘ladi? Bu savolga Husayin Bag‘chi quyidagicha javob berdi: 

“Tolibon” – ISHID emas. Ya’ni ko‘chada insonlarni qatl qiladigan, ularga aziyat yetkazadigan... Ularning xalifalik qurish maqsadi ham yo‘q. Tan olish kerak, boshidan to bugungacha “Tolibon” – modern taraqqiyotga qarshi bo‘lgan, ideologiyalarini faqat diniy qoidalarga mos ravishda shakllantirgan bir harakat.  Ammo ISHID va “Tolibon” umuman boshqa-boshqa. Afg‘oniston milliy pul birligini bosishi shart emas, chunki bor. Davlatning o‘z chegaralari, yerlari bor. ISHID esa Suriya va Iroqda yerga egalik qilishni istayotgandi. Afg‘onistonning bunday dardi yo‘q. Afg‘onistonning dardi – o‘z tuproqlarini himoya qilish.

Bu mavzuda davlatlar nuqtayi nazaridan shuni aytishim mumkinki, davlatlar aqlli ish yuritadilar. Qaysi ideologiyadan bo‘lishidan qat’i nazar Shimoliy Koreyadagidek kommunist rejimi bo‘ladimi, Eron yoki Afg‘onistondagi “Tolibon”mi, istasa-istamasa ichki farovonlikni ta’minlash va tashqi aloqalarni yuritishga majbur. 

Agar qo‘shni mamlakatlar “Tolibon”ni o‘zlariga bir tahdid deb bilishsa, u holda “Tolibon”ning ishi juda qiyin bo‘ladi. “Tolibon” qo‘shni mamlakatlar bilan nizoli vaziyatlarga tushmasdan, eng kamida hozircha tinch-totuv yashashga majbur. Men agar “Tolibon” hokimiyat tepasiga kelsa, yanada aqlli yo‘l tutishiga, o‘z siyosatini mintaqada yanada kengaytirishiga ishonaman”.

Qayd etish kerakki, “Tolibon” Markaziy Osiyo davlatlari chegarasini biron marta buzib o‘tmagan va hatto, bunday niyati ham yo‘qligini takror va takror ta’kidlayotgan bo‘lsa-da, Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar toliblarning harbiy faollashuvidan xavotirda. Jumladan, Tojikiston Afg‘oniston chegarasida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda. Ushbu jarayonda esa Rossiya, O‘zbekiston va Qirg‘iziston qo‘shinlari ham ishtirok etmoqda.

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon

Baholaganlar

84

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing