“Tolibon” 42 yil deganda Afg‘oniston aholisini ro‘yxatga olmoqchi 

Olam

image

Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan “Tolibon” harakati mamlakat aholisini ro‘yxatga olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Tolibon” tomonidan Axborot va madaniyat vaziri o‘rinbosari etib tayinlangan Zabihulla Mujohid ma’lum qilgan.  

“Bugun yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda iqtisodiyot va turli infratuzilma loyihalari muhokama qilindi. Mamlakat demografik xizmati faoliyati bilan bog‘liq masalalar ko‘tarilib, Afg‘oniston aholisini ro‘yxatga olish to‘g‘risida qaror qabul qilindi”, deyilgan xabarda. 

Yig‘ilishda bundan tashqari, narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, diniy yetakchilarning malakasini oshirish zarurati, sog‘liqni saqlash sohasidagi vaziyat va TAPI trans-afg‘on gaz quvuri loyihasini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilingan. 

Ma’lumot o‘rnida, Afg‘onistonda aholini ro‘yxatga olish oxirgi marta 1979 yilda o‘tkazilgan bo‘lib, uning natijalariga ko‘ra mamlakatda 15,5 million kishi istiqomat qilgan. 

2013-2018-yillarda BMT ko‘magida sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va masofadan zondlash texnologiyalaridan foydalangan holda aholi sonini hisoblash dasturi amalga oshirilgan, biroq uning natijalari jamiyatda tanqid qilingan, bir necha bor qayta ko‘rib chiqilgan va oqibatda tasdiqlanmagan. 

Afg‘oniston Islom Respublikasi Milliy statistika va axborot byurosining 2020 yil yakuniga ko‘ra e’lon qilingan hisob-kitoblarida mamlakatda 32,9 million kishi istiqomat qilishi, ulardan 16,8 millioni erkaklar, 16,1 millioni ayollar ekani aytilgan. Ta’kidlanishicha, shahar aholisi 8 millionga yaqin, qishloq aholisi — 23,4 million, ko‘chmanchilar — 1,5 million.

Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi. 

Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon

Baholaganlar

29

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing