Tokio-2020 Olimpiadasi tashkiliy qo‘mitasining vitse-prezidenti Toshkentga keldi
Sport
−
09 may 2019
4263Bugun, 9 may kuni Tokio-2020 Olimpiadasi tashkiliy qo‘mitasining vitse-prezidenti, Tokio parlamenti deputati janob Toshiaki Endo boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Martabali mehmon joy olgan samolyot bugun tunda Islom Karimov nomidagi Toshkent Xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi. Yaponiya delegatsiyasini MOQ Bosh kotibi Jasur Matchanov boshchiligidagi Milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddilari, keng sport jamoatchiligi va OAV vakillari kutib olishdi.
Olimpiya o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi mamlakatda sportga bo‘lgan e’tiborga berilgan yuksak bahodan dalolat beradi. Toshiaki Endo ikki kun mobaynida O‘zbekistonda sport sohasida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, martabali mehmon 10 may kuni MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov qabulida bo‘lishi va tomonlar o‘rtasida muzokara o‘tkazilishi rejalashtirilgan.