O‘zbekistonliklar yahudiy ravvinni o‘ldirdi?
Tahlil
−
25 noyabr
19492Bir qancha OAVlar Chabad-Lubavich harakati a’zosi, butun dunyo bo‘ylab yahudiylarning targ‘ibotini olib boruvchi ravvin Svi Kogan 21 noyabrda BAA hududida yo‘qolgani haqida xabar bergandi. Oradan 3 kun o‘tib, kecha, 24 noyabrda esa shu yerdan uning jasadi topildi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu “rasmiy Tel-Aviv uning o‘limida aybdor bo‘lgan jinoyatchilarni javobgarlikka tortish uchun barcha yo‘llar bilan harakat qiladi”, deya bayonot berdi. Chabad-Lubavich harakati Kogan oxirgi marta Dubayda, oziq-ovqat do‘konida tasvirga olingan videosida ko‘rinish berganini ma’lum qildi. Ular, shuningdek, Koganni harakatning Bruklinda joylashgan anonim filialining elchisi deb atadi.
Bugun, 25 noyabrga kelib, ravvinning sirli o‘limi atrofidagi qator jumboqlar ochila boshladi. O‘lim haqida chiqqan xabarlar esa ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zbek segmenti uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi. Negaki, dastlab, “The Times of Israel” nashri Svi Koganning o‘limida O‘zbekiston fuqarolari gumon qilinayotgani haqida xabar berdi. Isroil rasmiylariga ko‘ra, Koganni o‘ldirish uchun bir guruh o‘zbekistonliklar ravvinga hujum qilgan. Ularning versiyasiga ko‘ra, o‘sha bir guruh o‘zbekistonliklar Eron tomonidan yollangan va qotillikdan so‘ng, Turkiyaga qochishga uringan.
Bu paytda esa BAAda hali voqea yuzasidan tergov harakatlari olib borilayotgan, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi esa QALAMPIR.UZ'ning voqea yuzasidan yo‘llagan so‘roviga javoban, Svi Koganni o‘ldirganlikda gumonlanganlar O‘zbekiston fuqarolari ekani haqida hali aniq ma’lumotlar yo‘qligini aytgan edi.
Ammo oradan biroz vaqt o‘tib, Birlashgan Arab Amirliklarining Ichki ishlar vazirligi ravinning o‘limida gumon qilingan uch shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berdi. Vazirlikka ko‘ra, ular kecha, 24 noyabr kuni ushlangan va ularning shaxsiga aniqlik kiritilgan. Rasmiylarning aniqlik kiritishicha, Svi Kogan BAA rezidenti va mamlakatga kirish paytida Moldova fuqarosi bo‘lgan. U BAAdagi yahudiy jamoasi bosh ravviniga yordamchilik qilgan va Dubaydagi “Rimon” supermarketini boshqargan.
Bugun, 25 noyabrda BAA politsiyasi Isroil va Moldova fuqarosi bo‘lgan ravvin Svi Koganning o‘ldirilishiga aloqadorlikda gumonlanib, hibsga olingan uch kishi O‘zbekiston fuqarolari ekanini tasdiqladi. Bu haqda amirlikning WAM axborot agentligi xabar berdi. Qayd etilishicha, politsiya hibsga olgan uch erkak 28 yoshli Olimboy Tohirovich va Mahmudjon Abdulrahim hamda 33 yoshli Azizbek Komilovich ismli shaxslar bo‘lgan.
Ichki ishlar vazirligining kechagi bayonotiga ko‘ra, ravvinning oilasi bedarak yo‘qolgan shaxs to‘g‘risida ariza topshirgan, buning natijasida “maxsus qidiruv va tergov guruhi” tuzilgan va uning jasadi topilib, gumonlanuvchilarning shaxsi aniqlangan. Isroil hukumati bu voqeani “terror hodisasi” deb ta’riflamoqda. Kogan mansub bo‘lgan Chabad-Lubavich harakati ham o‘zining X'dagi xabarida ravvinni o‘ldirib ketgan o‘zbekistonliklarni “terrorchilar” deb atagan.
LiveBarchasi