Tog‘li Qorabog‘. Sarobga aylangan davlatchilik havasi

Tahlil

image

2023 yil 28 sentyabrda tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi Prezidenti Samvel Shahramanyan tuzilma faoliyatini 2024 yil 1 yanvardan tugatish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Aholiga Baku taklif qilgan reintegratsiya shartlarini ko‘rib chiqish va Respublika tarkibida qolish imkoniyati to‘g‘risida mustaqil qaror qabul qilish buyurildi. Ushbu maqolada Qorabog‘ning tarixi, SSSR davrida avtonom viloyatga aylantirilishi, o‘tgan asrning 90 yillaridagi Kavkazortida sodir bo‘lgan mojaro, 2020 yildagi qurolli to‘qnashuv va 2023 yildagi Ozarbayjonning “aksilterror operatsiya”si haqida so‘z yuritamiz.

Qorabog‘ tarixi

Miloddan avvalgi II asr boshlaridan hozirgi Qorabog‘ hududi  Buyuk Armaniston davlati tarkibiga kirgan. Milodiy 822 yilda hudud mustaqil Xachen Arman Knyazligi tarkibiga kiritilgan, hudud aholisi 22 yildan so‘ng o‘zini Armaniston qiroli deb e’lon qilgan Ashot I Bagratunining hokimiyatini tan oldi. 1045 yilda markazlashgan arman davlatchiligi yo‘qolganidan keyin ham Xachen knyazligida etnik armanlar hukmronligi saqlanib qolindi. XVI-XVII asrlarda Xachen knyazligi o‘z mustaqilligini yo‘qotgan, XVIII asr o‘rtalarida uning hududlari Qorabog‘ xonligi tarkibiga kirgan. Natijada arman aholisining salmoqli qismi hududni tark etgan.

XIX asr boshlarida 1804-1813 yillardagi rus-fors urushi natijasida Qorabog‘ xonligi Rossiya tarkibiga kiritildi. Mintaqadagi Rossiya hukmronligi 1805 yilgi Kurekchay va 1813 yilgi Guliston tinchlik shartnomalari bilan mustahkamlab qo‘yildi. Shundan so‘ng Qorabog‘da yashagan musulmonlarning bir qismi Eronga ko‘chib ketdi. Ayni paytda arman oilalari Erondan sobiq xonlik yerlariga, shuningdek, sobiq Naxchivon va Yerevan xonliklari hududlariga qaytib keldilar.

1822 yilda Qorabog‘ xonligi Rossiya imperiyasining shu nomdagi viloyatiga, 1840 yilda esa Kaspiy viloyatining Shusha tumaniga aylantirildi. 1846 yilda okrug Shemaxa (1859 yildan Baku), 1867 yildan Yelizavetpol viloyati tarkibiga kirdi.

1917 yilda monarxiya ag‘darilgandan so‘ng Qorabog‘ Kavkazorti komissarligi tasarrufida bo‘lib, millatlararo kengash tomonidan boshqariladigan amalda mustaqil viloyat bo‘lib qoldi. 1918 yilda Kavkazortida sobiq Baku va Yelizavetpol viloyatlari hududiga da’vogarlik qilgan mustaqil Ozarbayjon Demokratik Respublikasi e’lon qilindi. 1919 yilda Qorabog‘ armanlari kongressi Ozarbayjonning mintaqadagi yurisdiksiyasini tan oldi. 1920 yil may oyida Ozarbayjonda Sovet hokimiyati o‘rnatilgandan so‘ng, Qorabog‘ Qizil Armiya bo‘linmalari tomonidan bosib olindi.

1921 yil 4 iyulda Rossiya Kommunistik Partiyasi (bolshevik) Markaziy qo‘mitasining Kavkaz byurosi Qorabog‘ hududini Armanistonga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Biroq ertasi kuni, 5 iyulda byuro plenumi “musulmonlar va armanlar o‘rtasida milliy tinchlik zarurligidan kelib chiqib”, Qorabog‘ni Ozarbayjon SSR tasarrufida qoldirishni e’lon qildi. Viloyat markazi Shusha shahri bo‘lgan holda mintaqa keng muxtoriyat huquqiga ega bo‘ldi. 1923 yilda markazi Xonkendi (armancha nomi Stepanakert) bo‘lgan Tog‘li Qorabog‘ avtonom viloyati tashkil etildi. 1937 yilda avtonom viloyat Ozarbayjon SSRning Tog‘li Qorabog‘ avtonom viloyatiga aylantirildi.

1926 yilgi aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga ko‘ra, Qorabog‘ aholisi orasida armanlarning ulushi 94% bo‘lsa, 1989 yildagi bu ko‘rsatkich 77%ni tashkil etgan.

Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasining e’lon qilinishi va 1991-1994 yillardagi mojaro

Sovet davrida Armaniston rahbariyati Qorabog‘ni o‘z yurisdiksiyasiga o‘tkazish masalasini bir necha bor ko‘targan, biroq ittifoq bu talabni bajarishdan bosh tortgan edi. Qorabog‘ning arman aholisi ham Armanistonga qo‘shilish tarafdori bo‘lgan. 1980 yillarning oxirida, qayta qurish davrida, milliy harakatlarning keskin kuchayishi fonida Baku va Yerevan o‘rtasidagi ziddiyat keskinlashdi. 1987 yilda Qorabog‘da Armaniston bilan birlashish uchun aholidan imzo yig‘ish kampaniyasi boshlandi. 1988 yil boshida Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi (SIKP) Markaziy Qo‘mitasiga 75 ming imzo kelib tushdi, bu Ozarbayjon SSR hokimiyatining o‘ta salbiy munosabatiga sabab bo‘ldi.

1988 yil 20 fevralda Qorabog‘dagi avtonom viloyat kengashi SSSR, Ozarbayjon va Armaniston ittifoq respublikalari Oliy Kengashlariga mintaqani Armanistonga berish masalasini ko‘rib chiqish iltimosi bilan murojaat qildi. Sovet rahbariyati bu iltimosni millatchilikning ko‘rinishi sifatida baholadi. Biroq shunga qaramay, 1988 yil 12 iyulda Qorabog‘ viloyat kengashi Ozarbayjon tarkibidan chiqishini e’lon qildi. Bunga javoban 18 iyul kuni SSSR Oliy Kengashi Prezidiumi Tog‘li Qorabog‘ avtonom viloyatini Armanistonga berish mumkin emasligi haqida qaror qabul qildi.

1988 yil sentyabr oyidan boshlab armanlar va ozarlar o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar boshlandi. 1989 yil yanvar oyida SSSR Qurolli Kuchlari Prezidiumining qarori bilan viloyatda sovet rahbariyatining bevosita nazorati joriy etildi. 1989 yil 1 dekabrda Armaniston SSR va Tog‘li Qorabog‘ avtonom viloyati kengashlari respublika hamda mintaqani "qayta birlashtirish" to‘g‘risida qaror qabul qildi. Biroq, SSSR Oliy Kengashi Prezidiumi 1990 yil yanvar oyida bu qarorni konstitutsiyaga zid deb e’lon qildi.

1990 yil boshida Armaniston-Ozarbayjon chegarasida artilleriyadan foydalanish bilan janglar boshlandi. 1990 yil 15 yanvarda Ittifoq hukumati Tog‘li Qorabog‘ avtonom okrugi va uning atrofidagi hududlarda favqulodda holat e’lon qildi. 1991 yil avgust oyidagi “suverenitetlar paradi” va yangi suveren davlatlarning tashkil topishi davrida Qorabog‘ de-yure mustaqil Ozarbayjon Respublikasi tarkibiga kirdi. 1991 yil 2 sentyabrda viloyat kengashi va Shaumyanovsk tuman kengashining qo‘shma majlisida SSSR tarkibida Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi e’lon qilindi. Uning tarkibiga SSSR payti tuzilgan Tog‘li Qorabog‘ avtonom viloyati, Shaumyanovsk tumani va keyinchalik Ozarbayjondagi Xonlar viloyatining bir qismi kirgan. 1991 yil 10 dekabrda Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi maqomi to‘g‘risidagi referendumda ishtirokchilarning 99,98 foizi mintaqa mustaqilligi tarafdori bo‘lgan, biroq na Sovet rahbariyati, na jahon hamjamiyati saylov natijalarini tan oldi. 1992 yil 6 yanvarda esa Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi Oliy Kengashi “Tog‘li Qorabog‘ Respublikasining davlat mustaqilligi to‘g‘risida”gi deklaratsiyani qabul qildi.

Qorabog‘ning mustaqilligi e’lon qilinishi Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida mintaqani nazorat qilish uchun ochiq qurolli qarama-qarshilikning boshlanishi edi. Mojaro postsovet hududidagi birinchi yirik qurolli qarama-qarshilikka aylandi.

Shundan keyin keng ko‘lamli hujum operatsiyalari amalga oshirilib, tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi mudofaa kuchlari mintaqa ustidan deyarli to‘liq nazorat o‘rnatdi (sobiq avtonom viloyat hududining 92,5 foizi), shuningdek, Ozarbayjonning yetti chegaradosh viloyatini to‘liq yoki qisman egallab oldi. Ozarbayjon hududlarida etnik tozalashni amalga oshirdi, minglab ozarlar Baku tomon qochdi, ko‘plari o‘ldirildi, beshikda yotgan bolalar yo‘q qilindi, Ozarbayjon tarixi oyoqosti qilinib, masjidlar cho‘chqaxonaga aylantirildi. O‘z navbatida, Ozarbayjon tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasining Martuni, Martakert va Shaumyan viloyatlarining bir qismi ustidan nazoratni saqlab qoldi. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, mojaro paytida Ozarbayjon tomonining yo‘qotishlari 4 mingdan 11 minggacha, arman tomoniniki 5 mingdan 6 minggacha bo‘lgan.

1994 yil 5 may kuni to‘qnashuv zonasida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitim – Bishkek protokoli va 1994 yil 9 may kuni muddatsiz o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitim imzolanganidan keyin janglar to‘xtatildi.

1994 yildan keyingi mintaqadagi vaziyat

Keyingi yillarda mintaqa BMTga a’zo birorta davlat tomonidan tan olinmagan, e’lon qilingan respublika bo‘lib qoldi.

Mojaroni hal qilishning siyosiy jarayoni, jumladan, YeXHTning Minsk guruhi doirasida (1992 yildan beri; Rossiya, AQSH va Fransiya) o‘z samarasini bermadi. Tomonlar bir-birini o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzganlikda aybladi va chegarada o‘qotar qurollardan foydalanish bilan bog‘liq mahalliy hodisalar sodir bo‘ldi. Hududiy yaxlitlikni o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bayonotlarga qaramay, vaqti-vaqti bilan to‘qnashuv zonasida yirik qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘lib turdi. 

2022 yil 6 oktyabr kuni Pragada Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel hamda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ishtirokidagi uchrashuv yakunlari bo‘yicha Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev o‘z mamlakatlari BMT Nizomi va Olmaota deklaratsiyasiga sodiqligini tasdiqladilar. Bu orqali har ikki tomon bir-birining hududiy yaxlitligi va suverenitetini tan olishlarini bildirdi. Unga ko‘ra, Armaniston Qorabog‘ni o‘z ichiga oladigan 86,6 ming kv.km’dan iborat Ozarbayjon hududini va Ozarbayjon 29,8 ming kv kmdan iborat Armaniston hududini tan oladi). Bundan tashqari, ular Yevropa Ittifoqining fuqarolik missiyasini Armaniston va Ozarbayjon chegarasiga taklif qilishga kelishib oldi.

2023 yil 17 may kuni Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan mintaqadagi arman aholisi xavfsizligini ta’minlash sharti bilan Yevropa kengashining Reykyavikdagi sammitida Armaniston Ozarbayjonning 86,6 ming kvadrat metr maydondagi suverenitetini tan olishini tasdiqladi.

2020 yilda mojaroning keskinlashishi va uni hal qilish

2020 yilda mintaqadagi vaziyat keskin yomonlashdi. Iyul oyida boshlangan qurolli to‘qnashuvlar sentyabr oyiga kelib Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida harbiy texnikalar ishlatiladigan keng ko‘lamli jangovar harakatlarga aylangan. Ozarbayjon ma’lumotlariga ko‘ra, janglarda mamlakat qurolli kuchlarining 3 mingga yaqin harbiy xizmatchisi va 100 nafar tinch aholi vakillari qurbon bo‘lgan. Armaniston tomoniga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlar davomida 4 mingga yaqin odam qurbon bo‘lgan.

44 kun davom etgan Qorabog‘ urushida Ozarbayjonning qo‘li Turkiya tomonidan ko‘rsatilgan harbiy yordam evaziga ham baland keldi. 

2020 yil 9 noyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Qorabog‘da o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish va barcha harbiy harakatlar to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni imzolaganidan so‘ng mojaro to‘xtatildi. Ozarbayjon va Armaniston tomonlari o‘z pozitsiyalarida qoldi, Rossiya tinchlikparvar kuchlari esa mintaqaga joylashtirildi. Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi atrofidagi bir qator viloyatlar, jumladan Kalbajar, Ag‘dam va Lochin Baku nazoratiga o‘tdi.

Kelishuv jarayonining davomi sifatida 2021 yil 11 yanvar kuni Moskvada Rossiya, Armaniston va Ozarbayjon rahbarlari yangi qo‘shma bayonotni imzoladi. Unda, xususan, mintaqadagi barcha iqtisodiy va transport kommunikatsiyalarini blokdan chiqarish nazarda tutilgan. 2021 yil 26 noyabr kuni Sochida uch davlat rahbarlari Ozarbayjon-Armaniston chegarasida barqarorlik va xavfsizlik choralarini ko‘rishga kelishib oldilar hamda keyinchalik demarkatsiya qilish bilan chegarani delimitatsiya qilish bo‘yicha ikki tomonlama komissiya tuzish zarurligini ta’kidladilar.

2022 yilda Yerevan va Baku ham tinchlik bitimini tuzishga kelishib oldi. 2022 yilning 6 aprelida Bryusselda Ilhom Aliyev va Nikol Pashinyan Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel vositachiligida uchrashuv o‘tkazdi va shundan so‘ng ular o‘z mamlakatlari tashqi ishlar vazirlariga tinchlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rishni boshlashni topshirdilar. Biroq, hujjat loyihasi hech qachon kelishilmagan.

Shunga qaramay, mintaqadagi vaziyat og‘irligicha qoldi. 2022 yil 13-14 sentyabr kunlari Ozarbayjon-Armaniston davlat chegarasida artilleriya va yirik kalibrli qurollardan foydalangan holda yana yirik qurolli to‘qnashuv yuz berdi. Tomonlar vaziyatning keskinlashuvida bir-birini aybladi.

2023 yil sentyabr oyida Ozarbayjonning harbiy harakatlari

2023 yil sentyabr oyi boshida tomonlar yana bir-birini vaziyatni keskinlashtirishda va sulhni buzishda aybladi. 2023 yil 19 sentyabrda Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Qorabog‘da “mahalliy antiterror choralari” boshlanganini e’lon qildi va arman harbiylarini mintaqadan olib chiqib ketishni talab qildi. Yerevan sodir bo‘layotgan voqealarni “keng ko‘lamli tajovuz” deb atadi va Qorabog‘da arman qurolli kuchlari yo‘qligini ta’kidladi. Moskva va Vashington, jumladan Parij nizolashayotgan tomonlarni ziddiyatni to‘xtatishga va diplomatik kelishuvga qaytishga chaqirdi. Shu bilan birga, Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov de-yure Ozarbayjon o‘zining xalqaro miqyosda tan olingan hududi doirasida ish olib borayotganini, chunki Armaniston tomoni Qorabog‘ni Ozarbayjonning ajralmas qismi sifatida tan olganini ta’kidladi. AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken esa tomonlarni o‘t ochishni to‘xtatishga, muzokaralar stoliga qaytishga chaqirarkan, ikki davlat suverenitetini hurmat qilishini bildirdi va Armanistonni qo‘llashini qo‘shimcha qildi.

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an esa o‘sha kunlarda Nyu-Yorkda o‘tayotgan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi chiqishida Ozarbayjon tarafini olib chiqib, shunday dedi: 

“Qorabog‘ Ozarbayjon hududidir. Boshqa maqomning o‘rnatilishi hech qachon qabul qilinmaydi”. 

AQSHda bo‘lib turgan O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev O‘zbekiston Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini tiklash borasidagi qat’iyatini olqishlashini aytib, Toshkentning bu boradagi rasmiy pozitsiyasini ifodaladi. 

“Ozarbayjonning barcha sohalarda, ayniqsa, hududiy yaxlitlik va adolatni tiklash borasida erishayotgan yutuqlaridan mamnunmiz. Biz Ozarbayjonni adolatli kurashida qo‘llab-quvvatlaymiz va barcha qiyinchiliklarga qaramay, Ozarbayjon hukumati va xalqining hududiy yaxlitligini tiklash va himoya qilish borasidagi qat’iyatini olqishlaymiz”, deydi Safoyev.

20 sentyabr kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Rossiya tinchlikparvar kontingenti ishtirokida Qorabog‘da aksilterror tadbirlarini to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. O‘sha kuni Bosh vazir Nikol Pashinyan Armaniston xalqiga yo‘llagan murojaatida Armaniston Qorabog‘ hukumatining Ozarbayjon bilan muzokara olib borish qarorini “e’tiborga olishini” aytdi. Shu bilan birga, u “Armaniston Respublikasi Qorabog‘ bo‘yicha imzolangan matnni tayyorlashda va muhokamalarda ishtirok etmaganini” ta’kidladi. 19 sentyabr kuni Yerevanda respublika hokimiyati iste’fosini talab qilib, keng ko‘lamli namoyishlar boshlandi.

21 va 25 sentyabr kunlari Yevlax va Xo‘jalida Qorabog‘ arman aholisi vakillari va Ozarbayjon hukumati o‘rtasida uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, ularda arman aholisini reintegratsiyalash masalalari ham muhokama qilindi. 28 sentyabr holatiga ko‘ra, mintaqadan Armanistonga 65 mingdan ortiq qochqin kelgan.

Avazbek Mo‘ydinov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Ozarbayjon Nikol Pashinyan Armaniston Tog'li Qorabog'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing