TIV Turkiyaga ketayotgan o‘zbekistonliklarni ogohlantirdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Rsspublikasi Tashqi ishlar vazirligi ayni vaqtda Turkiyada bo‘lgan va u yerga bormoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklarga ogohlantirish bilan chiqdi.

“Hozirgi paytda Turkiyaning Istanbul shahrida huquqiy tartib va qonun ustuvorligini ta’minlash borasida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu maqsadda shaharda noqonuniy yurgan xorijiy fuqarolarni aniqlash va ularni mamlakatdan chiqarib yuborish borasida transport vositalarida, ish va yashash hamda jamoat joylarida muntazam tekshiruvlar olib borilmoqda. 

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan xorijiy fuqarolarga qo‘yilgan talablar va zarur me’yoriy hujjatlarni o‘rganish va vatandoshlarimizni huquqbuzar holatiga tushib qolishini oldini olish maqsadida O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi shahar Xavfsizlik boshqarmasi va migratsiya xizmati rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. 

Turk mutaxassislarining ta’kidlashicha, aksar xorijiy fuqarolar Turkiyada yashash huquqini beruvchi (ikamyet izni) va ishlashga ruxsat beruvchi (çalişma izni) hujjatlar farqini bilmaydi. 

Qonunga muvofiq yashash huquqini beruvchi (ikamyet izni) hujjatga ega chet el fuqarolari Turkiya hududida ishlashni istasalar, albatta, qo‘shimcha ishlashga ruxsat beruvchi (çalişma izni) hujjatlarga ham ega bo‘lishlari shart. Aks holda, ular qonunni buzgan hisoblanadi va ularga nisbatan choralar ko‘riladi. 

Ma’lumki, 2018 yilning oktyabr oyidan boshlab Turkiya Hukumati O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga Turkiya hududida 90 kun davomida vizasiz yurishga ruxsat berish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.  Bu muddat Turkiyada ishlash maqsadida kelgan xorijiy fuqarolarga yashash huquqi (ikamyet izni) va ishlashga ruxsat beruvchi (çalişma izni) hujjatlarni rasmiylashtirish uchun yetarli muddat hisoblanadi. 

Bundan tashqari Turkiyaning xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalarida turk ish beruvchilari bilan ikki tomonlama shartnomalar tuzish orqali Turkiyaga kelishidan oldin ham ishlash huquqini beruvchi (çalişma izni) hujjatlarini rasmiylashtirish imkoniyati mavjud. Bu esa, ishlashga kelmoqchi bo‘lgan fuqarolarning ishini sezilarli darajada osonlashtiradi. 

Shu munosabat bilan Bosh konsulxona Turkiyada bo‘lib turgan yoki u yerga bormoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarini barcha kerakli hujjatlarni o‘z vaqtida rasmiylashtirishga va mamlakatda mavjud qonun-qoidalarga rioya qilishga chaqiradi. 

Elchixona va Bosh konsulxona Turkiyada bo‘lib turgan fuqarolarimizning qonuniy huquqlarini himoya qilish maqsadida tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. 

Zarur holatlarda hamyurtlarimiz O‘zbekistonning Anqara shahridagi Elchixonasi Konsullik bo‘limiga (0312) 441-17-46, e-mail: [email protected], faks: +90 312 442 70 58) yoki Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasiga (+90 212 323-20-37, faks: +90 212 312 20 40, e-mail:[email protected]) murojaat qilishlari mumkin.

O‘zbekistonning Anqara shahridagi elchixonasi va Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi hamyurtlarimiz bilan mazkur yo‘nalishda hamkorlik qilishga umid bildiradi hamda taklif va izohlar uchun oldindan minnardorchilik bildiradi”, deyiladi vazirlik axborotida.


Maqola muallifi

Teglar

TIV Turkiya

Baholaganlar

39

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing