Rasman: O‘zbekistonning Afg‘oniston bo‘yicha pozitsiyasi ma’lum qilindi

Jamiyat

image

Arziyev O‘zbekiston Afg‘onistondagi barcha ichki siyosiy kuchlar o‘rtasida Afg‘onistonning yangi hukumatini tuzish bo‘yicha milliy murosaga imkon qadar tezroq erishishidan manfaatdor. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev Oliy Majlis Senatining bugun, 26 avgust kuni bo‘lib o‘tayotgan o‘n sakkizinchi yalpi majlisida gapirdi. 

Arziyev O‘zbekiston mazkur mamlakatda keng vakillikka asoslangan inklyuziv koalitsion hukumatni tuzish asnosida tinchlik o‘rnatilishini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. 

“Shuningdek, O‘zbekiston Xalqaro hamkorlariga Afg‘onistondan fuqarolarni tranzit yo‘li bilan xavfsiz joyga ko‘chirish borasidagi ishlariga yordam bermoqda. Bundan tashqari, tranzit orqali Afg‘onistondan chiqib ketayotgan fuqarolar belgilangan manzilga yetib borishi kafolatlangan. Tranzit yo‘li bilan O‘zbekistonga kirib kelganlarning hech biri mamlkatimizda qolmaydi”, deydi Arziyev.

Afg‘onistondagi vaziyat sababli ayrim davlatlarning diplomatik vakolatxonalari faoliyati to‘xtatilgani, o‘z navbatida O‘zbekistonning Qobul va Mazori Sharif shaharlaridagi diplomatik vakolatxonalari faoliyat olib borayotgani aytib o‘tildi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan  "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi.

Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi.

Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

483

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing