TIV Lukashenko tarqatgan safsataga javob qaytardi
Jamiyat
−
06 may 2022
19681Avvalroq, Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko O‘zbekiston Respublikasining Rossiya-Belarus Ittifoqiga qo‘shilishini aytgan edi. Mazkur holat yuzasidan Tashqi ishlar vazirligi rasmiy izoh berdi.
“So‘nggi vaqtlarda hodisalarni yoritishda xolislik va betaraflikka da’vo qiladigan ba’zi chet el nashrlari ayrim xorijiy davlatlar rahbarlarining Ittifoq davlatini kengaytirish va unga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqidagi asossiz fikrlarini tarqatishda davom etmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekistonning xorijiy hamkorlar bilan do‘stona munosabatlariga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan bunday ig‘vogar harakatlarga yo‘l qo‘yilmasligini yana bir bor ta’kidlaymiz”, deyiladi xabarda.
Vazirlikning qayd etishicha, O‘zbekiston Respublikasi o‘z mustaqilligi va suverenitetini ta’minlash maqsadida faqat milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda bundan buyon ham o‘zi tanlagan mustaqil taraqqiyot yo‘lida qat’iy davom etadi.
Qayd etish kerakki, Lukashenko birinchi marta Markaziy Osiyo davlatlarining Rossiyaga qo‘shilishi haqida fikr bildirmayapti. Bundan oldin rossiyalik jurnalist Vladimir Solovyovga bergan intervyusida u O‘zbekiston iqtisodiy zarurat tufayli Rossiya va Belarusning Ittifoq davlati tarkibiga kirishi mumkinligini aytgandi.
Eslatib o‘tamiz, Lukashenko Qozog‘istonda yanvar boshida yuz bergan hodisalardan qo‘shni O‘zbekiston ham o‘ziga yetarlicha saboq chiqarib olishi kerakligi haqida fikr bildirgan.
Uning so‘zlariga javoban O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat har qanday tashqi tahdidlarga qarshi munosib javob qaytara olishini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi