“Titanik” yo‘lovchisining xati 12 ming dollarga sotildi
Olam
−
01 iyul 2023
9227Mashhur “Titanik” kemasining urugvaylik yo‘lovchisi Ramon Artagaveytia Gomesning oilasiga yuborgan so‘nggi maktubi auksionda 12 ming dollarga sotildi. Bu haqda Zorrilla auksion uyi vakiliga tayanib, RIA Novosti xabar berdi.
Auksion Montevideoda bo‘lib o‘tdi. Sotilgan xat uch varaqda qo‘lda yozilgan. Gomes uni 1912 yil 12 aprelda Irlandiyadan jo‘natgan. U yerda layner Atlantika okeani suvlariga chiqishdan oldin oxirgi marta to‘xtagan. Ikki kundan so‘ng “Titanik” aysberg bilan to‘qnashib, cho‘kib ketgan.
Maktubda Artagaveytia Gomes ukasiga Qo‘shma Shtatlarga yetib borishini intiqlik bilan kutayotganini hamda ilk safarini amalga oshirayotgan 45 ming tonnalik yo‘lovchi kemasining o‘lchamiga “maftun bo‘lganini” yozgan.
“[Kema tashqarisidan] tepaga qarasam, xuddi besh qavatli uyning etagida turgandek edim. Kirish chog‘ida 50 ga yaqin xodimlar kutib turardi. Biri chamadonlarimni oldi, biz esa liftda xonam joylashgan “B” qavatga ko'tarildik... Ovqatlanish xonasi “D” qavatda, pastroqda esa boshqalar bor”, deyiladi xatda.
Shuningdek, urugvaylikning 1909 yilda olingan surati ham auksionga qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 iyun kuni bortida besh yo‘lovchi bilan Titanik halokatga uchragan joyga tushgan “Titan” suv osti kemasi g‘oyib bo‘lib, uning ekipaji o‘lgan deb topilgan edi.
LiveBarchasi