“Tinchlik rejasi”: YeIdagilar Uitkoffga psixiatrga borishni maslahat berdi
Olam
−
22 noyabr 2025 6145 2 daqiqa
Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan foydalanish usuli, AQSH Prezidenti Donald Tramp taklif qilgan Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha “tinchlik rejasi”da ko‘rsatilganiga ko‘ra, Yevroittifoqning ushbu mablag‘lardan Kiyevga “reparatsion kredit” ajratish rejalariga to‘sqinlik qilishi mumkin. Bu haqda “Politico” nashrining Yevropa tahririyatiga bir nechta yevropalik amaldorlar va diplomatlar anonimlik sharti bilan ma’lum qildi.
Bryusseldagi YeIning yuqori lavozimli amaldorining aytishicha, Trampning Yevropada saqlanayotgan Moskva aktivlarini tasarruf etishga hech qanday huquqi yo‘q. YeIga a’zo mamlakatlardan birining hukumat amaldori esa “tinchlik rejasi”dan qattiq norozi bo‘lib, o‘z e’tirozini “juda yorqin haqoratli so‘z” bilan ifoda etgan.
Yana bir yuqori martabali Yevropa Ittifoqi amaldoriga ko‘ra, ushbu rejaning asosiy mualliflaridan biri deb xabar qilingan Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff “psixiatrga murojaat qilishi kerak”.
“Yevropaliklar ukrainaliklar manfaati uchun aktivlardan qanday foydalanish bo‘yicha hayotiy yechim topishga jon-jahdi bilan harakat qilmoqda, Tramp esa bundan foyda ko‘rishni istayapti. Bu taklif, ehtimol, hamma tomondan rad etiladi”, deb yozadi “Politico” sobiq fransuz amaldorining so‘zlarini keltirib.
U Tramp rejasining ushbu bandini “juda mojaroli” deb atadi.
Tramp rejasi tufayli Belgiyani ishontirish yanada qiyinlashadi
YeI Ukrainaga muzlatilgan Rossiya aktivlari garovi ostida berishni istagan “reparatsion kredit” faqat urush tugagach va Rossiya yetkazilgan zararni qoplashga rozi bo‘lganidan keyin Ukraina tomonidan qaytariladi. Shu holda Yevrokomissiya mablag‘ni Belgiyadagi Euroclear'ga qaytaradi va Rossiya ulardan yana foydalana oladi. Kredit taxminan 140 mlrd yevro (ya’ni 162 mlrd dollar) bo‘lishi kutilmoqda – bu Ukraina uchun 2026–2027 yillardagi “zarur moliyaviy ehtiyojlar” deb baholangan miqdor.
YeIning oktyabr oyi sammitida Belgiya Bosh vaziri Bart de Vever agar YeIning qolgan a’zolari Belgiya bilan xavflarni bo‘lishmasa, Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan foydalanish tashabbusini qo‘llamasligini aytgan. O‘shanda mamlakatlar Belgiyani himoya qilish zarurligiga rozi bo‘lib, aktivlar taqdirini YeI dekabr sammitida (18–19 dekabr) hal qilishga kelishgan.
Endilikda, bir yevropalik amaldorning aytishicha, Tramp rejasi aktivlardan foydalanish bo‘yicha AQSH bosimi tufayli “reparatsion kreditni berishga yanada qarshi argument”ga aylanishi mumkin. Agar kredit baribir berilsa, u holda Rossiyaga uni qaytarish mas’uliyati Yevropa mamlakatlariga tushadi.
Live
Barchasi