“Tinch uyqu tugadi”. Tusk Medvedevning bayonotini jiddiy qabul qilishga chaqirdi

Olam

image

Polsha Bosh vaziri Donald Tusk Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedevning Yevropa fuqarolari uchun “tinch uyqu tugadi” degan bayonotini jiddiy qabul qilish kerakligini bildirdi. Bu haqda u X ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirdi.

Tuskning yozishicha, NATO davlatlari Medvedevning so‘zlari va so‘nggi voqealarga befarq qaramasligi lozim.

“Kecha Rossiyaning sobiq prezidenti Dmitriy Medvedev Yevropa Ittifoqi fuqarolarining tinch uyqusi tugaganini aytdi. NATOdagi barchamiz nihoyat bu faktlar va bayonotlarni jiddiy qabul qilishni boshlashimiz kerak”, deya yozgan Bosh vazir.

U o‘z postida Polsha, Boltiqbo‘yi davlatlari va Ruminiyada kuzatilgan dronlar bilan bog‘liq hodisalarni ham eslatib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Medvedev Yevropa Ittifoqi davlatlari “bir tomonlama ravishda Rossiyaga qarshi urushga kirishganini” da’vo qilib, Yevropa fuqarolarini hushyor bo‘lishga chaqirgan edi.

“Hushyor bo‘ling va hech narsadan hayratlanmang. Tinch uyqu tugadi. Nima uchun bunday bo‘lganini esa kimdan so‘rash kerakligini bilasiz”, degan Medvedev.

Keyinchalik u boshqa bayonotida ham Yevropa fuqarolari endi xotirjam uxlay olmasligini ta’kidlab, Yevropa davlatlarini Rossiyaga qarshi urushning bevosita ishtirokchilari deb atagan.

Bu bayonotlar Ruminiyada dron qulab tushgan voqeadan so‘ng yangradi. Hodisa oqibatida yong‘in yuzaga kelgan, bir necha kishi jarohatlangan va qariyb 70 nafar aholi evakuatsiya qilingan. Voqeadan keyin Ruminiya Rossiya elchisini Tashqi ishlar vazirligiga chaqirgan.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa dronning qaysi tomonga tegishli ekanini faqat batafsil tergov va ekspertizadan keyin aniqlash mumkinligini bildirib, ilgari ham Boltiqbo‘yi davlatlari hududiga Ukrainaga tegishli dronlar kirib qolganini eslatgan.


Maqola muallifi

Teglar

Pol'sha Donal'd Tusk bayonot

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing