Tillaga teng mahsulot: Rossiya Qozog‘istondan ham tuxum so‘radi

Olam

image

Rossiya Qozog‘istondan o‘z chakana savdo tarmoqlari uchun ko‘proq tovuq tuxumi yetkazib berishini iltimos qildi. Bu haqda kecha, 17 yanvar kuni Qozog‘iston hukumati matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Qozog‘iston va Rossiya Bosh vazir o‘rinbosarlari Serik Jumangarin va Aleksey Overchuk o‘zaro savdoning dolzarb masalalarini muhokama qilgan.

“Rossiya tomoni Qozog‘istondan ko‘proq tovuq tuxumi yetkazib berishini so‘rab, murojaat qildi. Serik Jumangarin Qishloq xo‘jaligi vazirligiga bu masalani imkon qadar tezroq ko‘rib chiqish va Qozog‘iston mahsulotlarini Rossiyaning chegaradosh viloyatlariga yetkazib berishni oshirish bo‘yicha topshiriq berdi”, deyiladi hukumat xabarida.

Shuningdek, Hukumat Qozog‘istondagi parrandachilik fermalarini tuxum bilan ta’minlash darajasi 2022 yilda aholi ehtiyojining 102 foizini tashkil etganiga ishontirdi. 2023 yilning 11 oyi davomida esa Qozog‘iston Rossiya, Afg‘oniston va Qirg‘izistonga 186,6 million dona tovuq tuxumini eksport qilgan. Qayd etish joizki, o‘tgan oyda tuxum va uning narxi Rossiya OAV uchun asosiy mavzu bo‘lgandi. Dastlab, dekabr oyi o‘rtalarida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tovuq tuxumi narxining jiddiy oshgani sababli rossiyaliklardan uzr so‘ragan va mavjud vaziyatni hukumat ishidagi muvaffaqiyatsizlik, deb atagan edi. Prezident vaziyat tez orada yumshatilishiga va’da ham bergan.

Shuningdek, Putin Rossiya Qishloq xo‘jaligi vaziri Dmitriy Patrushev bilan tovuq tuxumi narxining oshishi masalasini muhokama qilgani haqida gapirgan. 

“Yaqinda men Qishloq xo‘jaligi vaziri bilan gaplashdim. Undan tuxum yetkazib berishdagi kamchiliklar haqida so‘radim. Vazir hammasi yaxshi ekanini aytdi. Men unga oddiy odamlarda bu borada hammasi yaxshi emasligini aytdim. Tovuq tuxumi narxining o‘sishi 40 foizni tashkil etadi, tovuq go‘shti esa bundan ham qimmatlagan. Nima bo‘lganini bilasizmi? Biz daromadning biroz o‘sishini boshdan kechirmoqdamiz. Talab oshdi. Bu nisbatan arzon protein bo‘lib, fuqarolar orasida ommalashgan. O‘zim ham pishgan tuxumni yaxshi ko‘raman. Bir vaqtlar men ertalab birdaniga o‘nta tuxumni paqqos tushirardim”, degan Putin 2023 yil yakunlari bo‘yicha o‘tkazgan matbuot anjumanida.

Keyinchalik, 25 dekabr kuni Sank-Peterburgda bo‘lib o‘tgan YeOII sammitida Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko mamlakatining mahsulot ishlab chiqarishdagi muvaffaqiyati haqida “maqtanganidan” keyin Putin undan Rossiyaga tuxum yetkazib berishini so‘ragandi. 

Lukashenko sammitda so‘zga chiqib, Belarus o‘zini oziq-ovqat bilan ta’minlayotganidan so‘z ochgan. U respublika qaysi tovarlarga bo‘lgan ichki talabni mustaqil ravishda qoplashini sanay boshlagan. Don, go‘sht, sut va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari haqida gapirganidan so‘ng, Lukashenko to‘xtab qolib, Putinga qaragan va “tovuq tuxumi”ni tilga olib, kulgan.

“Bizgayam tuxumdan qarashing, faqat o‘zlaringiz yeyavermasdan”, deya javob qilgan Putin bunga javoban.

29 dekabrda esa Lukashenko Minskdagi Vitebsk broyler parrandachilik fermasining do‘koniga borganida, xodimlarga:

“Tovuqlarning tuxum berishi qanday?" deb so‘raydi. 

Ijobiy javob olgach, u tuxumlardan bir qismini Putinga jo‘natish kerakligini aytadi.

Ma’lumot uchun, o‘tgan yilning so‘nggi ikki oyida Rossiyada tuxum narxining 30 foizdan ziyodga oshishi Rossiya hukumatini tashvishga solib qo‘ydi. Mamlakatda tuxumni bojsiz olib kirishga izn berildi, Rossiya Bosh prokuraturasi esa ishlab chiqaruvchilarni tekshirishni boshlab yubordi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Qozog'iston tuxum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing