TikTok YeIda yosh nazoratini qat’iylashtiradi
Olam
−
09:28 350 2 daqiqa
TikTok ijtimoy tarmog‘i Yevropa Ittifoqida foydalanuvchilarning yoshini aniqlash bo‘yicha yangi texnologiyalarni yaqin vaqt ichida joriy etishni boshlaydi. Ushbu qaror Yevropa regulyatorlari bosimi kuchayib borayotgan sharoitda o‘tkazilgan bir yillik pilot loyiha natijalari inobatga olingan holda qabul qilingan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, avval xabar qilinmagan ushbu tizim Xitoyning ByteDance kompaniyasiga tegishli platformaga foydalanuvchi profili haqidagi ma’lumotlar, videolar va xulq-atvor signallarini tahlil qilish imkonini beradi. Yig‘ilgan ma’lumotlar akkaunt voyaga yetmagan foydalanuvchiga tegishli yoki yo‘qligini aniqlashga yordam beradi. Shu tarzda aniqlangan akkauntlar avtomatik ravishda bloklanmaydi, ularni maxsus moderatorlar tekshiradi.
Bungacha Yevropa Parlamenti deputatlari 13 yoshdan kichik bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash taklifini qo‘llab-quvvatlagan. Qonunchilar, shuningdek, bu cheklovni video almashish servislariga va sun’iy intellekt asosidagi yordamchi dasturlarga ham tatbiq etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Ular Yevrokomissiyani YeIning raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonunida nazarda tutilgan voyaga yetmaganlarni himoya qilish qoidalarini “jiddiy va muntazam ravishda” buzadigan kompaniyalar oliy rahbariyati uchun shaxsiy javobgarlik joriy etish masalasini o‘rganishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Parlamenti bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash bo‘yicha Yevropa Ittifoqiga chaqiriq yo‘llagani, deputatlar yoshlar orasida ijtimoiy tarmoqlardan ortiqcha foydalanish sabab kuchayib borayotgan ruhiy salomatlik muammolariga e’tibor qaratayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi