TikTok AQSHda amerikalik investorlar nazoratiga o‘tdi
Olam
−
23 yanvar 895 1 daqiqa
TikTok AQSHda ilovaning ishlashini davom ettirishga imkon beradigan Joint Venture LLC qo‘shma korxonasini tashkil etishni yakunladi. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, 2025 yil dekabr oyida imzolangan kelishuv shartlariga ko‘ra, ilova yangi bo‘linma – Joint Venture LLC tomonidan boshqariladi. Ushbu tuzilma AQSH rasmiylariga nisbatan do‘stona munosabatda bo‘lgan investorlar nazoratida bo‘ladi. Amerikalik foydalanuvchilarga oid ma’lumotlarni boshqarish va algoritmlarni o‘qitish bilan esa Oracle kompaniyasi shug‘ullanadi.
“Bloomberg” xabariga ko‘ra, qo‘shma korxonada uchta boshqaruvchi investor bo‘ladi: Oracle, xususiy investitsiya kompaniyasi Silver Lake Management LLC va Abu-Dabidagi MGX investitsiya jamg‘armasi. Ushbu uchlik TikTok’ning yangi bo‘linmasidagi aksiyalarning 50 foiziga egalik qiladi.
ByteDance’ning (TikTok egasi bo‘lgan kompaniyasi) amaldagi investorlariga 30,1 foiz, kompaniyaning o‘ziga esa 19,9 foiz ulush tegishli bo‘ladi. TikTok bosh direktori Shou Szi Chu direktorlar kengashidan o‘rin oladi. Avval operatsion bo‘limni boshqargan Adam Presser esa endilikda AQSHdagi bo‘linmaga bosh direktor sifatida rahbarlik qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp TikTok bo‘yicha bitimga oid farmonni imzolagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi