TikTok AQSH hukumatini sudga berdi
Olam
−
08 may
3010TikTok va uning bosh kompaniyasi ByteDance AQSH hukumatini sudga berib, Prezident Jo Bayden tomonidan imzolangan taqiqqa qarshi chiqishga urindi. Bu haqda “Amerika Ovozi” xabar berdi.
ByteDance vakillarining ta’kidlashicha, qonun so‘z erkinligini himoya qiluvchi Konstitutsiyaga kiritilgan birinchi tuzatishni buzadi. Qo‘shma Shtatlarda qabul qilingan qonun Xitoyning ByteDance kompaniyasiga TikTok'ning Amerika qismini sotish uchun sakkiz oydan kamroq vaqt beradi, aks holda dastur mamlakatda taqiqlanadi.
TikTok va ByteDance'ning ta’kidlashicha, aktivlarni sotish tijorat, texnologik yoki huquqiy nuqtai nazardan imkonsiz.
"Shubha yo‘qki, ushbu qonun 2025 yil 19 yanvargacha TikTokni cheklab, platformadan muloqot qilish uchun foydalanadigan 170 million amerikalikning ovozini o‘chiradi", deydi ByteDance vakillari.
Yangi qonunga ko‘ra, kompaniya shartlarga rioya qilmasa, Apple va Google foydalanuvchilarga TikTok ilovasini taklif qila olmaydi. Internet-xosting xizmatlari ham ilovani qo‘llab-quvvatlashi taqiqlanadi. Qonun AQSH Kongressi TikTok milliy xavfsizlikka tahdid solishi mumkinligi haqida xavotir bildirganidan keyin qabul qilindi. Amerika qonunchilari Xitoy rasmiylari ilova orqali amerikaliklar ma’lumotlarini to‘plashi mumkin, deb hisoblashdi.
Da’voda aytilishicha, ByteDance TikTok'ning majburiy sotilishiga “qat’iy qarshi” va ilovaning eng qimmatli qismi bo‘lgan TikTok algoritmini eksport qilishga ruxsat bermaydi.
Hujjatda aytilishicha, TikTok foydalanuvchi ma’lumotlarini himoya qilish choralariga 2 milliard dollar sarflagan. Kompaniya, shuningdek, 90 sahifalik Milliy xavfsizlik kelishuvi loyihasi shartlarini buzsa, AQSHga ilovani to‘xtatib qo‘yish huquqini beruvchi “o‘chirish varianti”ga ham rozi bo‘lgan.
LiveBarchasi