TikTok AQSH hukumati bilan sudlashmoqchi
Olam
−
25 aprel
2671TikTok ijtimoiy tarmog‘i AQSHda unga tahdid solayotgan taqiqni jangsiz qabul qilmoqchi emas. Bu haqda kecha, 24 aprel kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden Xitoyning TikTok egasi – ByteDance konserniga bir yil ichida Amerika biznesini sotish majburiyatini yuklagan qonunni imzolaganidan keyin, onlayn-platforma rahbari Shou Szi Chu ma’lum qildi.
“Ishonchingiz komil bo‘lsin, biz hech qayerga bormaymiz. Bizda faktlar va Konstitutsiya mavjud, biz yana g‘alaba qozonishni kutmoqdamiz. Adashmang, bu taqiq. TikTok’ni taqiqlash, sizga va ovozingizga taqiq", deydi TikTok rahbari.
Shou Szi Chu kompaniya o‘z huquqlari uchun sudlarda kurash olib borishiga ishontirdi.
AQSH Kongressi tomonidan qabul qilingan va Prezident tomonidan imzolangan qonun ByteDance kompaniyasini ijtimoiy tarmoqni XXR yurisdiksiyasiga kirmaydigan boshqa egasiga o‘tkazish majburiyatini yuklaydi. Agar bu bir yil ichida amalga oshmasa, dastur Qo‘shma Shtatlarda taqiqlanishi mumkin.
TikTok’ning taqiqlanishi Qo‘shma Shtatlar milliy xavfsizligiga tahdid bilan bog‘liq. AQSHdagi tanqidchilar ijtimoiy tarmoqni Xitoy hukumatiga yaqinlikda va foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlaridan noqonuniy foydalanganlikda ayblamoqda. TikTok rahbariyati barcha ayblovlarni rad etadi.
Ilgari TikTok uning ehtimoliy taqiqlanishini so‘z erkinligiga hujum deb atagan edi. Biroq, bu qonunning boshqa tanqidchilari ham bor. Masalan, demokrat senator Ron Uayden ham bundan AQSHning bo‘lajak hukumati amerikaliklarning so‘z erkinligini cheklash uchun foydalanishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Amerika fuqarolik erkinliklari ittifoqi butun dunyo bo‘ylab ko‘chirilishi mumkin bo‘lgan "ijtimoiy tarmoqlarni hukumat tomonidan haddan tashqari nazorat qilish" uchun xavfli pretsedent borligini aytdi.
Huquqiy ekspertlarning ta’kidlashicha, agar TikTok sudga murojaat qilsa, Qo‘shma Shtatlar ushbu xizmat milliy xavfsizlik yoki boshqa muhim hukumat manfaatlariga tahdid solayotganini isbotlashi kerak bo‘ladi. Rasmiylar, shuningdek, qonun TikTok uchun maxsus ishlab chiqilganligini isbotlashlari kerak.
Qo‘shma Shtatlarda 170 million kishi ushbu ijtimoiy tarmoqdan foydalanadi, bu mamlakat aholisining qariyb yarmini tashkil qiladi.
LiveBarchasi