Tixanovskaya Belarus xalqiga yordam berish maqsadida AQSHga boradi 

Olam

image

Belarus muxolifati yetakchisi va Belarus prezidentligiga sobiq nomzod Svetlana Tixanovskaya joriy yilning 18 iyul kuni AQSHga amaliy tashrif bilan jo‘nab ketadi. Bu haqda uning Telegram kanalida xabar berilgan.  

Ta’kidlanishicha, siyosatchi AQSHga tashrifi chog‘ida Vashington, Nyu-York va Kaliforniyaga borishni rejalashtirgan. Sobiq prezidentlikka nomzod siyosatchilar, ekspertlar va diaspora vakillari bilan yuqori darajadagi uchrashuvlar o‘tkazmoqchi. 

Qayd etilishicha, uning safaridan maqsad Belarusdagi inqirozni hal qilish yo‘llarini izlash va Belarus xalqiga yordam berishdir. Aniqlik kiritilishicha, Qo‘shma Shtatlarga tashrif dasturi ishlab chiqilmoqda, Tixanovskaya jamoasi imkoniyat tug‘ilishi bilanoq aniq uchrashuvlarni e’lon qilishi aytilgan. 

Avvalroq, Litva Tixanovskayani Minskga topshirishdan bosh tortgani haqida xabar bergandik.  

Eslatib o‘tamiz, Litva mamlakatda o‘tgan yilning avgustidan buyon bo‘lib turgan Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskayaning idorasiga rasmiy diplomatik maqom bergan edi.  

Ma’lumot o‘rnida, so‘nggi vaqtlarda Belarusda ichki siyosiy muvozanat buzilgan. Buning ildizi 2020 yilning avgust oyida mamlakatda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlariga borib taqaladi. Saylov natijalariga ko‘ra, 80 foiz ovoz bilan Belarusni 1994 yildan beri boshqarib kelayotgan Aleksandr Lukashenko g‘alaba qildi. Biroq ushbu natijalar aholining katta qismida shubha uyg‘otdi va muxolifatning chaqiruvi bilan mamlakatda namoyishlar boshlandi. 

Bir necha oy davom etgan miting va marshlar hech qanday foyda keltirmadi. Lukashenko hokimiyatni o‘z qo‘lida saqlab qoldi. Muxolifat hamda uning ko‘plab tarafdorlari esa Polsha, Litva kabi Yevropa davlatlariga qochib ketdi va u yerdan siyosiy boshpana topdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Tixanovskaya

Baholaganlar

62

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing