Tibbiyot niqoblari narxini sun’iy oshirilishi yuzasidan tegishli tashkilot bayonot berdi
Jamiyat
−
06 fevral 2020
7067So‘nggi vaqtlarda xorij davlatlarida, xususan, Xitoy Xalq Respublikasida xavfli yuqumli virus bilan kasallanish holati avj olganligi sababli O‘zbekiston dorixonalarida tibbiyot niqoblari taqchilligi kuzatilayotganligi va uning chakana narxi keskin oshib ketganligi xabarlar paydo bo‘ldi. Ushbu holatga Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligi munosabat bildirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 31 oktyabrdagi “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-2647-sonli qarori e’lon qilingan edi. Hujjatga ko‘ra, chetdan olib kelinadigan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji hamda chakana sotish – ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda cheklangan savdo ustamalari qo‘llanilgan holda amalga oshirilishi belgilangan.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligi o‘z vakolatlari doirasida dori vositalari va tibbiyot buyumlari uchun belgilangan ulgurji va chakana savdo ustamalariga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
O‘z navbatida, muntazam ravishda (bir yil davomida ikki va undan ortiq marta) litsenziya talablari va shartlari, shu jumladan, dori vositalari va tibbiy buyumlarga narx belgilash tartibi, retsept asosida beriladigan hamda elektron tijorat orqali dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibining buzilishi – litsenziya talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzilishi holati hisoblanadi. Bu farmatsevtika faoliyati uchun berilgan litsenziyaning amal qilishini belgilangan tartibda to‘xtatilishiga olib keladi.
“Shu munosabat bilan, farmatsevtika sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlardan dori vositalari va tibbiy buyumlarga narx belgilash tartibiga, litsenziya talablari va shartlariga qat’iy rioya qilishlarini so‘raymiz”, deyiladi ma’lumotda.
LiveBarchasi