Tibbiy yordamga oid qaror qabul qilindi
Jamiyat
−
03 Oktabr 2019
4075O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjet mablag‘lari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro‘yxatini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro‘yxatini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Belgilanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan kelishilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro‘yxatini shakllantiruvchi vakolatli organ hisoblanadi.
Ro‘yxatga muvofiq tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining tegishli moliya yili uchun “Sog‘liqni saqlash” moddasi bo‘yicha ajratiladigan mablag‘lari doirasida moliyalashtirilishi belgilab qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:
• 2019 yil 20 dekabrgacha bo‘lgan muddatda Ro‘yxatni ishlab chiqadi va Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy veb-saytida 31 dekabrgacha joylashtiradi hamda ularni kelgusi yillarda ham shu muddatlarda har yili yangilab boradi;
• respublikaning barcha davlat tibbiyot muassasalarida Ro‘yxatdan tegishli ko‘chirmalar (davlat tilida va rus tilida) mazkur muassasalar faoliyati ixtisosligiga muvofiq har yili 31 dekabrgacha majburiy joylashtirilishini ta’minlaydi;
• manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtiradi.
Nizomga ko‘ra, ro‘yxat O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining tegishli moliya yili uchun “Sog‘liqni saqlash” moddasi bo‘yicha nazarda tutilgan mablag‘lari doirasida tuziladi va tasdiqlanadi.
Quyidagilar tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlarini aniqlash prinsiplari hisoblanadi:
• aholining barcha qatlamlari tibbiy yordamdan foydalana olishi;
• birlamchi tibbiy-sanitariya yordam tibbiyot muassasalarida ko‘rsatiladigan profilaktika chora-tadbirlari va tibbiy xizmatlar ustuvorligi;
• tibbiy xizmat turlarining tibbiyot muassasalari darajalari bo‘yicha tabaqalanishi, shuningdek, ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlarning murakkabligiga qarab ularni ko‘rsatish izchilligi;
tibbiy xizmatlardan foydalanish va ularni taqdim etish jarayonining oshkoraligi.
Ro‘yxatga tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlarini kiritishda quyidagi mezonlarga rioya etilishini ta’minlash kerak:
• moliyalashtirishda aholi salomatligi ko‘rsatkichlarining yuqori darajasiga erishishni, 2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish samaradorligining maqsadli ko‘rsatkichlarini bajarishni ta’minlaydigan tibbiy yordam turlariga ko‘proq e’tibor beriladi;
tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ustuvor tartibda profilaktika, reabilitatsiya tadbirlari va palliativ yordam xizmatlarini qamrab olishi, shuningdek, o‘lim va nogironlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha yetakchi bo‘lgan asosiy kasalliklarning oldini olish va ularni davolashga qaratilgan bo‘lishi kerak.
Ro‘yxat har yili O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan kelishilgan holda, tegishli moliya va rejali davr uchun Davlat byudjeti parametrlari tasdiqlangandan keyin 15 kundan kechikmay ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
• Ro‘yxat tibbiy yordamning quyidagi turlari bo‘yicha shakllantiriladi:
• shoshilinch tibbiy yordam;
• rejali tibbiy (shu jumladan birlamchi tibbiy-sanitariya) yordam;
• ixtisoslashgan (shu jumladan yuqori texnologik) tibbiy yordam;
palliativ tibbiy yordam.
Ro‘yxatga tibbiy xizmatlarning aniq turlari, shu jumladan dori-darmonlar, sarflash materiallari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash kiritiladi.
LiveBarchasi