Jizzaxda og‘ir ahvoldagi mahkumga tibbiy yordam ko‘rsatilmadi
Jamiyat
−
17 dekabr 5661 2 daqiqa
Jizzax viloyatidagi 29-son Manzil-koloniyada og‘ir ahvoldagi mahkum M.B.ga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilmagan. U bu haqida Ombudsmanga shikoyat qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, mahkum koloniya xodimlari kuzatuvida ikki kun davomida yuqori harorat va isitma bilan bir nechta tibbiyot muassasalariga olib borilgan bo‘lsa-da, birida to‘lov yoki yo‘llanma talab qilingan, ikkinchisi esa “o‘pka shifokori yo‘q” degan sabab bilan qabul qilmagan. Mahkum “chap o‘pka absessi, ikki tomonlama pastki bo‘lak pnevmoniyasi” tashxisi bilan og‘ir ahvolda bo‘lgan.
Holat Ombudsman nazoratiga olinib, uning Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan mahkum zudlik bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Jizzax filialiga olib borilgan. Bemor zarur tahlillardan o‘tkazilib, statsionar davolashga yotqizilgan. Da’vo muolajalarini olib, qaytganidan so‘ng ham kerakli dori vositalar koloniya ma’muriyati tomonidan olib berilgan.
Xabarda aytilishicha, bu kabi holat boshqa muassasalarda ham uchraydi. Masalan, Jizzax shahar IIB Vaqtincha saqlash hibsxonasida saqlanayotgan Yu.Yu. jarrohlik amaliyoti o‘tkazish borasida, Namangan viloyatidagi 6-son Tergov hibsxonasida saqlanayotgan, 5 oylik homilasi bor ayol Z.M. tibbiy yordamga muhtojligi bo‘yicha ombudsmanga murojaat qilgan. Mahkumlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ulardan biri shifoxonaga yotqizildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunining 30-moddasiga ko‘ra, “Fuqarolar sog‘liqni saqlash tizimining har qanday davolash-profilaktika muassasasida shoshilinch tibbiy yordam olish huquqiga ega".
Live
Barchasi