The Best-2025: FIFA marosim sanasi va joyini e’lon qildi
Sport
−
15 dekabr 940 1 daqiqa
FIFA 2025 yilgi “The Best” mukofotlarini topshirish marosimining sanasi va o‘tkazilish joyini rasman ma’lum qildi. Unga ko‘ra, ushbu tadbir ertaga, 16 dekabr kuni Qatarning Doha shahrida bo‘lib o‘tadi.
FIFA, shuningdek, barcha nominatsiyalar bo‘yicha ovoz berish jarayoni joriy yilning 28 noyabr kuni yakunlanganini tasdiqladi. G‘oliblarni aniqlashda butun dunyo bo‘ylab terma jamoalar bosh murabbiylari va sardorlari, sport jurnalistlari hamda muxlislar ishtirok etgan. Umumiy hisobda 16 milliondan ortiq ovoz berilgan. Bu, ayniqsa, yilning eng yaxshi erkak va ayol futbolchisi nominatsiyalarida muxlislar fikrining katta ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatmoqda.
“The Best” mukofoti jahon futbolidagi eng nufuzli individual sovrinlardan biri hisoblanadi. Marosim doirasida yilning eng yaxshi erkak va ayol futbolchilari, murabbiylari taqdirlanadi, shuningdek, FIFA tomonidan ta’sis etilgan bir qator maxsus mukofotlar ham topshiriladi.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yili asosiy sovrinlar “Real Madrid” futbolchisi Vinisius Junior hamda “Barselona” va Ispaniya terma jamoasi yarim himoyachisi Aytana Bonmatiga nasib etgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA yilning eng yaxshi futbolchisiga beriladigan nufuzli “The Best-2025” mukofoti uchun 11 nafar nomzod ro‘yxatini e’lon qilgan edi.
Live
Barchasi