Tez orada Yer yuzidan yo‘q bo‘lib ketadigan davlatlar nomi ma’lum bo‘ldi

Olam

image

Global isish tufayli muzlarning erishi va dengiz sathining ko‘tarilishi bir qancha orol davlatlarining yo‘q bo‘lib ketishiga olib keladi. Bu haqda “Express” gazetasi yozmoqda. 

Iqlim o‘zgarishi ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan hududlarga Kiribati, Tuvalu va Marshall orollari kiradi. Kiribatidagi nodavlat ekologik tashkilotlarining global tarmog‘i Climate Action Network koordinatori Peleniza Alofaning aytishicha, Glazgodagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti sammiti orol davlati uchun muhim voqeadir. 

U dengiz sathining ko‘tarilishi va kuchayib borayotgan tropik bo‘ronlar mintaqadagi odamlar hayoti va qishloq xo‘jaligiga tahdid solayotganini eslatgan. 

“Gap bir marta sodir bo‘ladigan voqealar haqida emas. Gap uylarimizni butunlay yutib yuborishi mumkin bo‘lgan tabiiy hodisa haqida ketmoqda”, deydi Alofa. 

Ta’kidlanishicha, Kiribati sobiq Prezidenti Anote Tong Glazgodagi COP26 sammitida so‘zlagan nutqida iqlim o‘zgarishi o‘z mamlakati uchun tahdid solayotgani haqida gapirgan. U Avstraliyaning bu boradagi siyosatini ham tanqid qilgan. 

Olimlar global isishning salbiy oqibatlarini yumshatish uchun Yerdagi harorat ko‘tarilishini Selsiy bo‘yicha bir yarim-ikki darajagacha cheklash zarurligini bir necha bor ta’kidlagan. Shu maqsadda 2015 yilda 190 dan ortiq davlat Parij bitimini imzolagan bo‘lib, unda ushbu maqsadga erishish uchun aniq harakatlar rejasi ko‘zda tutilgan. 

Hujjat qazib olinadigan yoqilg‘idan butunlay voz kechishni nazarda tutmaydi, biroq davlatlar issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish choralarini ko‘rishi kerak. 

Ma’lumot o‘rnida, joriy yil 31 oktyabrdan 12 noyabrgacha Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Shotlandiyada Butunjahon iqlim konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

iqlim Er

Baholaganlar

2636

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing