Teylor Svift saylovoldi poygasida Harrisni qo‘llab-quvvatladi
Olam
−
11 Sentabr
2915Xonanda Teylor Svift AQSHda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida Demokratik partiyadan nomzod, AQSH vitse-prezidenti Kamola Harrisga ovoz berishini aytdi. Bu haqda u Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.
"2024 yilgi prezidentlik saylovlarida Kamola Harris va Tim Uolzga ovoz beraman", deydi qo‘shiqchi.
Svift Harrisning respublikachi nomzod Donald Tramp bilan saylovoldi debatini kuzatganini qo‘shimcha qildi.
Xonandaning so‘zlariga ko‘ra, u Trampni qo‘llab-quvvatlagan sun’iy intellekt videosidan so‘ng o‘z pozitsiyasini ochiq ifoda etishga majbur bo‘lgan. Sviftning fikricha, Harris "barqaror va iqtidorli lider" bo‘lib, u bilan Qo‘shma Shtatlar ko‘p narsaga erisha oladi.
Avvalgi prezidentlik saylovlarida ijtimoiy media auditoriyasi millionlab odamlarga yetadigan Svift demokrat Jo Baydenni qo‘llab-quvvatlagan edi.
Qayd etish joizki, Teylor Svift Qo‘shma Shtatlardagi ko‘pchilikka ta’sir ko‘rsata oladi. Yanvar oyi boshida “Redfield & Wilton Strategies” tomonidan o‘tkazilgan eksklyuziv so‘rovnomada saylovchilarning 18 foizi xonanda tomonidan ma’qullangan nomzodga ovoz berishini aytgan. So‘rov 1500 kishi orasida o‘tkazilgan bo‘lib, ularning 45 foizi Teylor Sviftning muxlislari ekanini va u qaysi nomzodga ovoz berishni e’lon qilsa, xuddi shuni tanlashini bildirgan.
AQSHda prezidentlik saylovlari 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Bayden Demokratik partiya vakili bo‘ladi deb taxmin qilingan edi, ammo uning iyun oyidagi Tramp bilan debatidagi halokatli chiqishidan so‘ng, demokratlar o‘rtasida Baydenni kurashdan voz kechishga chaqiriqlar kuchayib ketdi. 21 iyul kuni u poygadan chiqishga qaror qildi va Harrisning AQSH hukumatining eng yuqori lavozimiga nomzod sifatida ko‘rsatilishini qo‘llab-quvvatladi.