Tramp va Harris o‘rtasida ilk teledebat bo‘lib o‘tdi
Olam
−
11 Sentabr
7463AQSHning Filadelfiya shtatida respublikachi Donald Tramp va demokrat Kamola Harris o‘rtasida joriy yilning 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan mamlakat prezidentligi uchun saylovdan oldin birinchi teledebat bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “ABC News” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, debat ikki reklama tanaffusi bilan odatdagidek 90 daqiqa davom etgan. Jonli tomoshabinlar ishtirok etmagan. Muhokamani ABC telekanali boshlovchilari olib bordi.
Telekanal taqdim qilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, nomzodlar hozirda taxminan bir xil reytingga ega, shuning uchun bu debat saylov natijalariga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Amerika ommaviy axborot vositalari Donald Trampning muvaffaqiyat qozonishi uchun eng muhimi nutqi davomida sovuqqonlikni yo‘qotmaslik ekanligini bildirgan. Kamola Harris esa Jo Bayden siyosati uchun javob berishi kerak. Shu bilan birga u shunchaki hozirgi Prezident izidan bormasligini namoyish etadi.
Bugungacha Tramp va Harris shaxsan uchrashmagan edi. Nomzodlarning nutqi davomida har bir savolga javob berishi uchun ikki daqiqa vaqt berildi.
Debat davomida Tramp 2020 yilgi saylovda mag‘lub bo‘lganini tan olishdan bosh tortdi va tarafdorlarining Kapitoliyga bostirib kirganidan afsusda emasligini aytdi.
Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzodning qo‘shimcha qilishicha, Kapitoliyga bostirib kirgan odamlarga juda yomon munosabatda bo‘lishgan.
Tramp saylovda ovozlarning soxtalashtirilganligi haqida juda ko‘p dalillar borligini aytdi. Biroq u birorta ham dalil keltirmadi.
“Men deyarli 75 million ovoz oldim, bu saylovlarda g‘alaba qozongan har qanday prezident to‘plaganidan ko‘ra ko‘proq ovozdir”, degan Donald Tramp.
Shuningdek, Tramp Harrisni Jo Baydenning saylovoldi dasturi va ritorikasini ko‘chirishda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Harris 3 yil oldin o‘zi ishongan barcha g‘oyalaridan voz kechgan va hozirda Trampning falsafasini o‘rganmoqda.
“U ham, ota-onasi ham marksist”, degan Oq uyning sobiq rahbari.
Tramp Baydenning faoliyati va prezidentlik poygasidan chetlatilishiga ham to‘xtalib o‘tdi.
“Biz uning prezidentligini ham bilmaymiz. Bayden qandaydir jonzot kabi prezidentlik poygasidan chetlashtirildi. Biz uning ishlaganini, hattoki tirikligini ham bilmaymiz”, degan Tramp.
Respublikachi Tramp demokratlar – Harris va Baydenni amerikaliklarni xonavayron qilgan yuqori darajali inflyatsiyada aybladi. Tramp o‘z boshqaruvida inflyatsiya bo‘lmaganini iddao qildi. U noqonuniy muhojirlar sonining ko‘payishi va jinoyatchilikning o‘sishiga ham demokratlarni sababchi qilib ko‘rsatdi.
Tramp Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi urushga ham to‘xtalar ekan, agar u Oq uyga bosh bo‘lganida, urush bo‘lmasligini bildirgan.
“Men Putinni yaxshi bilaman, u mening prezidentligim davrida hech qachon bizga tahdid solmagan edi. Agar demokratlar bo‘lmaganida va men prezident bo‘lganimda Putin Ukrainada hech qachon urush ko‘tarmas edi”, deydi u.
Debatning ikkinchi mehmoni Kamola Harris ham o‘z fikr va iqtiboslarini keltirib o‘tdi. Harrisga ko‘ra, Trampning amerikaliklar kelajagi uchun hech qanday tayinli rejasi yo‘q, uning iqtisodiy rejasi mamlakatdagi vaziyatni yomonlashtiradi.
Kamola, shuningdek, Trampga Amerikani Xitoyga sotganlik aybini qo‘ydi. U Tramp prezidentligidan so‘ng Qo‘shma Shtatlar sog‘liqni saqlash tizimi va iqtisodda aziyat chekkanini aytdi.
Demokratning qayd etishicha, Tramp ma’muriyati Amerika tarixidagi eng yuqori savdo kamomadiga sabab bo‘lib, bema’ni savdo urushlarini olib borgan.
Kamola Harris ham Rossiya-Ukraina masalasiga to‘xtalib o‘tdi va agar Tramp prezident bo‘lganida, Putin allaqachon Kiyevni nazorat qilayotgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
Tramp esa demokratlar boshqaruvi dunyoni uchinchi jahon urushiga yetaklashini aytgan.
Ma’lumot uchun, AQSHdagi kelgusi saylovlarda demokratlardan prezidentlikka nomzod, mamlakatning amaldagi vitse-prezidenti Kamola Harris 4 sentyabr kuni “Fox News” telekanalida mezbonlik qilishi kerak bo‘lgan saylovoldi debatida qatnashishdan bosh tortdi. Respublikachi Tramp, avvalroq, Harris bilan saylovda uch raund debat o‘tkazishni xohlashini aytgan. Trampning taklifiga ko‘ra, birinchi raund 4 sentyabr kuni “Fox News” telekanalida, 10 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadigan ikkinchi debatga ABC telekanali mezbonlik qilishi, uchinchi raund munozara NBC telekanalida bo‘lib o‘tishi kerak edi. Hozircha Harris faqat 10 sentyabr kungi bahsda qatnashishga rozi bo‘lgan va unda ishtirok etdi. Biroq demokratlar nomzodi 10 sentyabrdan keyin qo‘shimcha debatlar o‘tkazish g‘oyasini muhokama qilishga tayyorligini ham aytib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oq uyning sobiq rahbari, AQSH prezidentligiga Respublikachilar partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning ushbu saylovda Demokratik partiya nomzodi Kamola Harrisni favorit sifatida ko‘rishi haqidagi gaplaridan noroziligini bildirgandi.
LiveBarchasi