Test natijalaridan qoniqmaganlar qachondan apellyatsiya berishi mumkinligi aytildi
Jamiyat
−
25 Sentabr 2020
13118Avval xabar berganimizdek, bugun, 25 sentyabr kuni Davlat test markazi 2020-2021-o‘quv yili uchun o‘tkazilgan test sinovlari natijalarini e’lon qildi.
Test sinovlarining tanlov natijalariga ko‘ra, respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga jami 140 068 nafar abituriyent talabalikka qabul qilingan. Shundan 28 173 nafar (jami topshirganlarning 20,1%) abituriyent davlat granti, 111 895 nafari (jami topshirganlarning 79,9%) to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan
Respublika oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida minimal o‘tish bali – 68,0 ball, to‘lov-kontrakt asosida minimal o‘tish bali – 56,7 ball etib belgilangan.
Ta’kidlanishicha, yoshlarning ta’lim olishi uchun imkoniyat yaratish maqsadida bazaviy to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilmagan, lekin 56,7 ball va undan yuqori ball to‘plagan abituriyentlarga tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qish imkoniyati yaratiladi (2019 yilda 32 948 nafar abituriyent ushbu imkoniyatdan foydalangan).
Buning uchun ushbu toifadagi abituriyentlar, 2020 yil 26 sentyabrdan boshlab oliy ta’lim muassasalariga murojaat etishlari mumkin.
Agarda test sinovlari natijalari abituriyentlarni qoniqtirmasa, Davlat test markazining apellatsiya komissiyasi o‘z faoliyatini 2020 yil 28 sentyabrdan boshlaydi.
LiveBarchasi