Tesla Ilon Mask o‘rniga yangi bosh direktor izlayapti – WSJ
Olam
−
01 may 5559 2 daqiqa
Tesla kompaniyasi direktorlar kengashi Ilon Mask o‘rniga yangi bosh direktor izlashga kirishgan. Ushbu qaror taxminan bir oy avval, kompaniya aksiyalari keskin pasaygan va investorlar Maskning ko‘proq e’tiborni Oq uydagi ishlariga qaratayotganidan norozi bo‘la boshlagan bir paytda muhokama qilina boshlangan. Bu haqda “The Wall Street Journal” nashri xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, direktorlar kengashi allaqachon bir nechta rahbarlar izlaydigan kompaniyalarga murojaat qilgan. Shu bilan bir vaqtda Tesla rahbariyati Mask bilan uchrashgan va undan kompaniya ishlariga ko‘proq vaqt ajratishni hamda bu haqda omma oldida bayonot berishni so‘ragan. WSJ ma’lumotiga ko‘ra, Mask bunga qarshi chiqmagan.
Tesla esa bu xabarlarni “noto‘g‘ri” va “mutlaqo haqiqatga zid” deb atagan. Kompaniya bayonotida aytilishicha, direktorlar kengashi Maskning Tesla’ning “o‘sish rejalarini amalga oshirish salohiyatiga” ishonmoqda. Ilon Mask esa WSJ maqolasini “atayin soxtalashtirilgan” deb baholagan va nashrni “jurnalistikani obro‘sizlantiruvchi” deb tanqid qilgan.
Ma’lumot uchun, Mask 2004 yilda Tesla’ga yirik investor sifatida qo‘shilgan va keyinchalik bosh direktor bo‘lgan. 2025 yilning birinchi choragida kompaniya sof foydasi 71 foizga kamaygani haqida hisobot bergan. Tesla bu yirik yo‘qotishlarning sabablaridan biri sifatida Ilon Maskning Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari sifatida federal hukumatdagi ishlari savdolarga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini tan olgan.
Shundan so‘ng Mask may oyidan boshlab Vashingtondagi ishlarini kamaytirishini bildirgan. U 30 maygacha DOGE rahbarligi lavozimini tark etishi kerak.
Kecha, 30 aprel kuni Tramp boshchiligidagi hukumat yig‘ilishida Prezident Tramp Maskka hukumatdagi xizmatlari uchun minnatdorlik bildirgan.
“Siz bu yerda qancha xohlasangiz, shuncha qolishingiz mumkin. Lekin menimcha, u mashinalari yoniga qaytmoqchi”, degan Tramp.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “The Washington Post” manbalariga tayanib, Ilon Mask siyosiy chap hujumlaridan charchagani uchun AQSH ma’muriyatini tark etishga tayyor ekani haqida yozgan edi. Maskning ketishining aniq sanasi hozircha noma’lum, biroq uning maxsus davlat xodimi maqomi may oyi oxirida tugashi kutilmoqda. Nashrning nomi oshkor etilmagan manbasiga ko‘ra, milliarder “chap qanot siyosatchilarning noxush va axloqsiz hujumlariga chidashdan charchagan”. Maskning fikricha, uning yo‘qligi DOGE ishining samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi, chunki departament xodimlari jarayonni allaqachon yo‘lga qo‘ygan.
Live
BarchasiPutin Imomali Rahmonga ta’ziya bildirdi.
22 dekabr