“Terrorizmning so‘nggi nafasi”. Erdo‘g‘an Anqaradagi terakt haqida fikr bildirdi

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an avvalroq Anqaradagi teraktga urinish bo‘yicha izoh berib, mamlakatning tinchlik va xavfsizligini buzishga urinayotgan terroristlar hech qachon maqsadlariga erisha olmasligini aytdi. Uning so‘zlarini “Anadolu” agentligi keltirmoqda.

Davlat rahbari Turkiya Buyuk Millat Majlisi (parlamenti)ning kuzgi sessiyasining ochilishida nutq so‘zlagan.

Erdo‘g‘an nutqida voqeani terrorchilarning mamlakatga qarshi “so‘nggi nafasi” deb atagan.

Uning ta’kidlashicha, Turkiyada FETO (Turkiya hukumati tomonidan Fathulloh Gulen boshchiligidagi harakatga ishora qilish uchun ishlatiladigan atamadir) va shunga o‘xshash terrorchi tashkilotlarning "qayta tug‘ilishi" mumkin emas.

Shuningdek, Prezident o‘z nutqida Turkiya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlar mavzusiga ham to‘xtalib o‘tgan. Turkiya rahbari Bryusselni Anqaraga nisbatan nokonstruktiv pozitsiyasidan voz kechishga chaqirgan.

Turkiya Prezidenti ma’muriyatining aloqa bo‘limi boshlig‘i ham bugungi Anqaradagi teraktni qoralab, voqea yuzasidan vakolatli organlar zarur choralarni ko‘rayotganini bildirgan.

“Barcha shunga o‘xshash vaziyatlarda bo‘lgani kabi, biz fuqarolarimizni dezinformatsiyaga urinishlardan ehtiyot bo‘lishni va rasmiy manbalardan olingan ma’lumotlarni kuzatishni so‘raymiz. Biz terrorning Turkiya siyosatiga ta’sir qilishiga hech qachon ruxsat bermaymiz va terrorga qarshi barcha jabhalarda kurashni davom ettiramiz”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 1 oktyabr kuni tongda Anqaradagi Turkiya Ichki ishlar vazirligining Xavfsizlik bosh boshqarmasida terakt sodir etishga urinish bo‘ldi. Ikki erkak mashinada bino oldiga borgan. Ulardan biri o‘zini portlatib yuborgan, ikkinchi terrorchi otib o‘ldirilgan. Yong‘in paytida ikki nafar politsiyachi yengil tan jarohati olgan.


Maqola muallifi

Teglar

terakt Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing