Terrorchilar sun’iy intellektdan tobora ko‘proq foydalanmoqda – tadqiqot

Olam

image

Terroristik tashkilotlar sun’iy intellektdan nafaqat targ‘ibot, balki hujumlarni rejalashtirish va tayyorlashda ham tobora faolroq foydalanmoqda. Bu haqda “Tech Against Terrorism” tashkiloti tadqiqotiga tayanib, DW xabar berdi.

Qayd etilishicha, tashkilot mutaxassislari o‘rnatilgan xavfsizlik cheklovlariga ega 27 ta sun’iy intellekt modelini 2300 dan ortiq terrorizmga oid so‘rovlar bilan sinovdan o‘tkazgan. Natijada holatlarning 32 foizida modellar potensial xavfli ma’lumotlarni taqdim etgan. So‘rovlar ilmiy yoki tadqiqot maqsadi sifatida niqoblanganida esa bu ko‘rsatkich 42 foizgacha oshgan.

Ekspertlarning ma’lum qilishicha, ISHID va “Al-Qoida” kabi terrorchi guruhlar bir necha yildan buyon sun’iy intellektdan videoroliklar, podkastlar, memlar va boshqa targ‘ibot materiallarini tayyorlashda foydalanib kelmoqda. Keyingi vaqtlarda esa texnologiya portlovchi qurilmalarni loyihalash, qurollarga xizmat ko‘rsatish, xavfsizlik tizimlaridagi zaifliklarni o‘rganish hamda dronlarni modifikatsiya qilishda ham qo‘llanila boshlagan.

Mutaxassislar, ayniqsa, yakka tartibda harakat qiluvchi terrorchilar uchun sun’iy intellektning ahamiyati ortib borayotganini ta’kidlamoqda. Singapurdagi S. Rajaratnam nomidagi Xalqaro tadqiqotlar maktabi xodimi Ruben Dassning aytishicha, ilgari mojaro hududlaridagi shaxslar ijtimoiy tarmoqlar orqali odamlarni terrorchilikka undagan bo‘lsa, endi bunday shaxslar zarur yordamni sun’iy intellekt orqali olishga o‘tmoqda.

“Tech Against Terrorism” direktori Adam Xedlining so‘zlariga ko‘ra, qat’iyatli inson baribir kerakli ma’lumotni topadi, ammo sun’iy intellekt axborotni izlash tezligi, osonligi va qamrovini sezilarli darajada oshirmoqda. Uning aytishicha, ilgari vaqt, resurs yoki ko‘nikma yetishmagan odamlar endi ancha qisqa vaqt ichida ko‘proq imkoniyatga ega bo‘lmoqda.

Hozircha sun’iy intellekt terrorchilar sonini oshirgani yoki hujumlarni samaraliroq qilganini tasdiqlovchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri dalillar mavjud emas. Biroq mutaxassislar yaqin yillarda sun’iy intellekt yordamchi vosita sifatida qo‘llanilgan terrorchilik hujumlari ko‘payishi mumkinligini istisno etmayapti.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy armiyasi bilan bog‘liq tadqiqotchilar va ishlab chiquvchilar razvedka, kuzatuv, kiberurush, nishonlarni aniqlash va dronlarni boshqarishga mo‘ljallangan o‘z tizimlarini o‘qitish uchun sun’iy intellekt (SI) sohasidagi AQSHning OpenAI va Anthropic kompaniyalari modellari javoblaridan foydalangani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing