Terrorchi tashkilot safiga qo‘shilmoqchi bo‘lgan 17 yoshli yigit ushlandi
3-sahifa
−
27 noyabr
4054Xorijdagi xalqaro terrorchilik tashkiloti safiga qo‘shilishni rejalashtirgan 17 yoshli shaxs va uning hamkorlari ushlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2007 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan K.I. internet tarmog‘ida ekstremistik g‘oyalar ta’siriga tushishi oqibatida 16 nafar yaqin tanishlari bilan noqonuniy “jamoat” bo‘lib yig‘ilib, kelgusida xorijda faoliyat olib borayotgan “Islom davlati” xalqaro terrorchilik tashkilotlari safiga qo‘shilishni rejalashtirgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-moddasi (Ommaviy tartibsizliklar) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
“Loqaydlik va ishonuvchanlik oqibatida, internet tarmog‘i orqali yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolmaslik uchun fuqarolarimizni doimo ogoh bo‘lishiga chaqiramiz. O‘zingizning taqdiringizga befarq bo‘lmang”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyatida xalqaro terrorchilik tashkilotlarining materiallarini tarqatib va moliyaviy qo‘llab-quvvatlab kelgan 27 yoshli yigit qamalgandi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Zomin tumani sudida ayblanuvchi qilgan ishlaridan pushaymonligini bildirgan. Sud hukmi bilan u 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgandi.