Terror, narkotik, korrupsiya: O‘zbekiston uchun xatarlar ochiq aytildi

Tahlil

O‘zbekistonga qarshi terrorchilik tahdidi hali ham jiddiy xavf sifatida turibdi. Bu mening gapim emas. Jiddiyroq tinglang! Bu haqida Davlat xavfsizlik xizmati raisi general-polkovnik Bahodir Qurbonov ma’lum qildi. 

Joriy yilning 13 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan Xavfsizlik kengashining mamlakat harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalari bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilishida so‘z olgan Davlatimiz xavfsizligiga asosiy javobgar bo‘lgan mulozim mintaqada hozirgacha qo‘poruvchilik qilishga intilayotganlar borligini ma’lum qildi.

“Jahonda harbiy-siyosiy va iqtisodiy ziddiyatlar kuchayishi fonida mintaqamiz, shu jumladan, O‘zbekistonda ham terrorchilik xurujlari asosiy tahdid bo‘lib qolmoqda. O‘choqli hududlardagi terrorchilik tashkilotlarining respublikamizga nisbatan qo‘poruvchilik intilishlari saqlanib qolmoqda”, deydi general. 

Bugun internet “yalang‘och”landi. Har tomonlama. Birgina so‘zni yozib qidiruv berish yetarli. Uyatli-yu mazmunli, qonuniy-u taqiqlangan, foydali-yu xatarli ma’lumotlar kelib chiqaveradi. Isbotga misollar keltirish shart emas. 

Davlat xavfsizlik xizmati raisining ham qayd etishicha, diniy-ekstremistik oqimlar vakillari tomonidan internet orqali radikal g‘oyalarni targ‘ib qilish, yoshlar, ayniqsa, xorijdagi migrantlarni o‘z safiga yonlash kamaymayapti. 

“O‘tgan yili O‘zbekistonda va xorijda amalga oshirilishi rejalashtirilgan 11 ta teraktning oldi olindi. Ularga aloqador 11 nafar Markaziy Osiyolik shaxsning destruktiv faoliyatiga chek qo‘yildi”,  deydi Qurbonov. 

Uning alohida urg‘ulashicha, bugun fuqarolar asosiy vaqtini o‘tkazayotgan, kundalik foydalanish ehtiyoj darajasiga yetgan virtual makon, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar aholi orasida buzg‘unchi g‘oyalarni tarqatish juda oson va asosiy manbaga aylanib, diniy vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. 

Xavfsizlik mulozimi diniy radikallashuvga olib kelayotgan omillarga chek qo‘yishga qaratilgan huquqiy va tashkiliy asoslar takommillashtirilgani, xususan voyaga yetmaganlarga hujra sharoitida noqonuniy diniy saboq berganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanganini aytdi.

“Diniy radikallashuvga olib kelayotgan omillarga chek qo‘yishga qaratilgan huquqiy va tashkiliy asoslar takomillashtirildi. Xususan, voyaga yetmaganlarga hujra sharoitida noqonuniy diniy saboq berganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Shu bilan birga xorijdagi mehnat migrantlarimizni radikal g‘oyalardan asrash maqsadida yangi tajriba doirasida imom-xatiblarning ular bilan muntazam muloqoti yo‘lga qo‘yildi. Xususan, o‘tgan yil davomida 29 nafar tajribali va iqtidorli imom-xatib mehnat migrantlarimiz ko‘p bo‘lgan xorijiy davlatlarga xizmat safariga yuborildi. Jumladan, AQSH, Janubiy Koreya va Rossiyada o‘tkazilgan tadbirlar doirasida 50 mingdan ortiq fuqarolarimiz qamrab olindi.”, dedi DXX raisi.

Bugun davlat chegarasi orqali transchegaraviy tahdidlar va narkotrafik, qurol-yarog‘, tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy olib o‘tilishi o‘z dolzarbligini yo‘qotmayapti. Shu sabab, O‘zbekiston chegaralari “eng yaxshi”, deya tariflanuvchilardan biri — Turkiyada ishlab chiqarilgan "Bayraktar" dronlari bilan kuzatib borilmoqda.

O‘zbekiston chegaralari “Bayraktar” droni bilan qo‘riqlanyapti

Bahodir Qurbonov davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilish tizimi anchayin zamonaviylashganini anglatuvchi raqamlarni ham ochiqladi. Berilgan ma’lumotga ko‘ra, Davlat chegarasining 42 foizi videokuzatuv tizimi bilan jihozlangan. 1117 km optik tolali aloqa liniyasi tortilgan. Chegara qo‘shinlari avtozirhli texnikalar bilan 18 foizga, suzish vositalari bilan 86 foizga, qurol-aslaha va o‘q dorilari bilan 100 foizga, elektron optik vositalar bilan 78 foizga butlangan. 

Aytilgan atamalarning barchasi nima ekanini bilmassiz ehtimol, ammo foiz ko‘rsatkichlari yuqoriligining o‘zi sizda xotirjamlik hissini paydo qilgandir. 

“Bo‘linmalar zamonaviy uchuvchisiz apparatlar bilan ta’minlandi. "Bayraktar" uchuvchisiz uchish apparati bilan butlangan yangi maxsus bo‘linmaning jangovar navbatchiligi yo‘lga qo‘yildi. Jangovar tayyorgarlik tadbirlari intensivligi va sifat ko‘rsatkichlari oshirildi”,  deydi general.

Bayraktar droni

“Bayraktar droni” nomini dunyodagi urushli vaziyatlar haqidagi xabarlar orasida hech bo‘lmasa bir marotaba eshitganingiz aniq.  Nega u hadeb tilga olinishini soddaroq tushuntiramiz.   “Bayraktar TB2” – bu uzoq parvoz qila oladigan hujumkor razvedkachi drondir. Uning maksimal tezligi 222 km/soat, tasavvur qilyapsizmi? Qanotlari kengligi 12 m, qurilma havoda 24 soatgacha turishi mumkin, dron 8 kilometr 200 metr balandlikkacha ko‘tarila oladi va bu bunday turdagi qurilmalar orasida eng yaxshi natijalardan biri. Ya’ni, u ishonchli himoya va hujum quroli bo‘la oladi.

O‘zbekiston Turkiyada ishlab chiqarilgan "Bayraktar" droniga qachon xaridor bo‘lgani va qancha dron sotib olingani haqida rasmiy axborot berilmagan. Mamlakatda Turkiyaning uchuvchisiz uchish apparati borligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 16 noyabr kuni Surxondaryo viloyatidagi harbiy qismga tashrifi chog‘ida e’lon qilingan suratda ma’lum bo‘lgan. 

O‘zbekiston nafaqat Turkiyaning "Bayraktar" dronlaridan foydalanmoqda, balki yaqin kelajakda Turkiyadan "ANKA" dronlarini sotib olishi kutilyapti. Qolaversa, mahalliy "Lochin" brendi ostidagi dronlarni ham ishlab chiqarmoqda. 

O‘zbekistondagi aeroportlarni “Lochin”lar qo‘riqlaydi

Endi esa aynan shu nomdagi brigada faoliyatiga to‘xtalamiz. 2026 yildan boshlab O‘zbekistondagi barcha aeroportlarni qo‘riqlash va xavfsizligini ta’minlash Davlat xavfsizlik xizmatiga o‘tadi. Bu bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2024 yilda qaror qabul qilingan. Uning ijrosi o‘laroq “Lochin” brigadasi qaytadan tashkil etildi. 

“Qisqa vaqt davomida ushbu brigada tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Uning jangovar shayligi va tayyorgarligi tubdan qayta ko‘rib chiqildi. Jumladan, bragadaning qurol-aslahalari to‘liq yangilandi. 100 ga yaqin texnikalar almashtirildi. Jangovar xizmat faoliyatini boshqarish va nazorat qilish to‘liq raqamlashtirildi. Bir vaqtning o‘zida 700 nafar harbiy xizmatchi bilan mashg‘ulotlar olib borish imkonini beruvchi jangovar tayyorgarlik o‘quv xonalari va majmualari barpo etildi. Hududlarda brigadaning 5 ta ma’muriy ob’ekti yangidan barpo etildi”, deydi general.

Qurbonovga ko‘ra, “Toshkent” va “Toshkent Humo” aeroportlarini qo‘riqlash bo‘yicha nazorat-patrul guruhlari asosida yangi tizim joriy etilgan. 2026 yilda ushbu samarali amaliyot respublikaning barcha aeroportlarida qo‘llanilishi rejalashtirilmoqda. 

Uning ma’lum qilishicha, brigada bo‘linmalarini yengil zirhli avtomobillar, kvadrotsikllar va zamonaviy tungi ko‘rish moslamalari bilan ta’minlash bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.

DXX raisi narkojinoyatlar sonini yashirmadi: 2 baravarga ortgan

Qilingan ishlar ko‘p. Nazorat kuchaytirilgan. Himoya tizimlari zamonaviylashtirildi. Biroq jinoyat sodir etuvchi tomon ham bunday masalalarda ortda qolmayotgandek. Chunki, DXX raisi narkojinoyatlar soni ikki baravarga ortganini ma’lum qildi. 

2025 yilda O‘zbekistonda huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan 3,6 tonna giyohvand moddalar aniqlanib, savdosiga chek qo‘yilgan. Bu raqamlar 2024 – 2025 yillar oralig‘idagi mamlakatda giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar ikki karra oshganini ko‘rsatadi.

2024 yilda 1700 kg giyohvandlik vositasi aniqlanib, noqonuniy muomaladan olingan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 3 tonna 600 kg ni tashkil etgan, ya’ni tengga teng oshgan. 

Qo‘lga olingan jinoyatchilar soni esa 2600 dan 4500 nafarga yetgan. Faoliyatiga chek qo‘yilgan yashirin narkolaboratoriyalar 8 tadan 15 taga ortgan. 
Qurbonov so‘zida davom etarkan, yoshlar orasida sintetik giyohvand vositalarini iste’mol qilish bilan bog‘liq raqamlarni ham yashirmadi. 
Uning aytishicha, 2025 yildan 180 kg dan ziyod sintetik vositalar va 1 million donadan ortiq psixotrop moddalar qo‘lga olingan. 

“Sintetik vositalar voyaga yetmaganlar, ayniqsa, 14-25 yoshdagilar orasida ommalashmoqda. Xavotirlisi, organizmda unga nisbatan qaramlik iste’moldan so‘ng qisqa muddatda vujudga keladi”, – deydi DXX raisi. 

Xumor bilan bog‘liq bu illat bir shaxs hayotinining tizginini izdan chiqarishi haqida gapirgan general-polkovnik Bahodir Qurbonov, yana bir “yana, yana, yana” , deyishga majbur qiladigan qaramlik — korrupsiyaga qarshi kurash haqida ham ma’lumot berdi.

DXX raisi korrupsiyani yo‘qotish masalasida Prezidentga va’da berdi

Uning aytishicha, 2025 yilda O‘zbekistonda davlat idoralarining 1083 nafar xodimi korrupsiyada ayblanib, lavozimidan ozod etildi, ulardan 661 nafari jinoiy javobgarlikka tortildi. 

“Korrupsiya tahdidini bartaraf etish yo‘nalishida nazorat va huquq-tartibot idoralari hamda boshqa davlat tuzilmalarida mansab vakolatini suiiste’mol qilish, poraxo‘rlik, ta’magirlik qilish va boshqa turdagi korrupsion jinoyatlariga qo‘l urish holatlari hamon saqlanib qolmoqda. O‘tgan yilda davlat idoralarining korrupsiya va boshqa jinoyatlarga aloqador bo‘lgan 1083 nafar xodimlari tizimdan chetlatildi. 661 tasi jinoiy javobgarlikka tortilib sudlandi”, – deydi general-polkovnik Qurbonov.  

Uning qayd etishicha, davlat idoralari, tashkilotlari va muassasalarida maishiy korrupsiya holatlari hamon davom etmoqda. Bunga asosan korrupsion xavf-xatarlar mavjud bo‘lgan munosabatlarda inson omili yuqoriligi va raqamlashtirish keng joriy etilmaganligi salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. 

DXX raisi 2026 yilda asosiy e’tiborni korrupsion xavf-xatarlar mavjud funksiya va munosabatlarni raqamlashtirishga, huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etishga, aholining huquqiy ongini oshirish va ularda korrupsiyaga toqatsiz munosabatni shakllantirishga oid amaliy va targ‘ibot tadbirlarini tashkil etishga qaratishga va’da berdi. 

Tan olish kerak, korrupsiyaga qarshilar ko‘p, ammo noqonuniy oldi-berdilar mayda holatlargacha kirib borgan jamiyatda yashayapmiz. Harholda doktor ko‘rigiga borib, uning cho‘ntagiga bir-ikki so‘m solib qo‘ymaslikni uyat deb biladigan bemorlar, qoida buzgani uchun jarima to‘lashdan qutulish maqsadida YPX xodimiga hujjat orasida 3-4 so‘m uzatishni ishbilarmonlik deb hisoblaydigan insonni ko‘rgan bo‘lsangiz kerak! Katta raqamlar ishtirok etgan vaziyatlar haqida gapirib o‘tirmaymiz.

Shu kabi insonlar ongida odatiylashgan jinoyatlar sabab 2025 yil boshida e’lon qilingan “Korrupsiyani qabul qilish indeksi” natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 2024 yil yakunlari bo‘yicha o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmagan holda, 180 davlat ichida 121-o‘rinni egallagan. 

DXX raisi mana shu korrupsiyaga oid jinoyatlarni o‘zi rahbarlik qiladigan Futbol sohasida ham yo‘q qilish ustida ishlanayotganini aytdi. Futbol millionlar o‘yini. Qamrovi keng. Aynan shuning uchun ham unda xavfsizlik masalasi muhim. Shu bois 2019 yildan buyon O‘zbekistonda DXX raisi bir vaqtning o‘zida O‘FA prezidenti lavozimini egallab keladi. 

“Futbol sohasini raqamlashtirish doirasida milliy futbol elektron platformasi ishlab chiqildi. Futbol akademiyalari, maktablar va seksiyalarda o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlarni onlayn nazorat qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, kelishilgan o‘yinlarni oldini olish va shaffoflikni ta’minlash maqsadida muxlislarga hakamlar faoliyati hamda qarorlari natijalarini kuzatib borish imkoniyati yaratildi”, dedi DXX raisi.

O‘zbekiston mudofaasi qanday qurollardan foydalanyapti?

O‘zbekiston armiyasida yer ostidan jangni boshqaruvchi komandirlar borligi haqida bilasizmi? “Yer ostidan” so‘zi sizda ham qiziqish uyg‘otgani aniq. Bu haqida Davlat rahbari raisilik qilgan yig‘ilishda hisobot berish uchun so‘z olgan mudofaa vaziri ma’lumot berdi. General-mayor Shuhrat Xolmuhammedov mudofaa tizimining zamonaviy qurol va harbiy texnikalari hamda yangi o‘zlashtirilgan jangovar usullar haqida ham gapirdi.

“O‘quv yilida asosiy e’tibor qo‘shinlar jangovar shayligini oshirish, bo‘linmalarning yangi taktik usullarni o‘zlashtirish hamda umumiy tayyorgarlikka qaratildi. Jangovar nizom va o‘quv dasturlariga 14 ta yangi taktik usullar kiritilib, amaliyotga tadbiq etildi. Qo‘shinlarda 25 mingga yaqin tadbirlar o‘tkazildi. Kompleks o‘quv- mashqlar, amaliy otish va jangovar texnikalarni boshqarish bir yarim barobarga ko‘payib, intensivlik oshirildi. Ularning 50 foizi tunda bajarilmoqda. Jangovar tayyorgarlikda birinchi navbatda komandirlarni yerosti pozitsiyasidan jangni boshqarish, bo‘linmalarni dron, aviatsiya va artileriya zarbasidan himoyalanish hamda tezkor vazifalarni bajarish ko‘nikmalarini oshirishga qaratildi. Uchuvuchisiz komplekslar mutaxassislarini tayyorlash markazi tashkil etilib, 340 nafar mutaxassislar o‘qitildi va sinovlardan o‘tkazildi”, deydi vazir.

Shuningdek, general-mayor Shuhrat Xolmuhammedov O‘zbekiston armiyasi mudofaa uchun aynan qaysi turdagi qurollardan foydalanilayotganini ham ochiqladi.

“Qulquduq poligonida havo hujumidan mudofaa bo‘lmalari mamlakat havo sarhadlarini himoya qilish bo‘yicha siz olib bergan KS1, FD-2000, Pechora, QVI-1, FM-90 Zenit komplekslaridan birinchi marotaba tunda va qiyin ob-havo sharoitida bir nishon, bir raketa tamoyilida jangovar otishlar o‘tkazilib, eshalonlashtirilgan havo hujumidan mudofaa tizimini yaratishga erishildi. Kattaqo‘rg‘on poligonida ilk marotaba modernizatsiya qilingan Su-25 samolyotidan 4000 metr balandlikda Lizard-3 boshqariladigan va FAP-250 aviabombalar bilan shartli dushmanning qo‘mondonlik punkti va zirxli texnikalar kolonnasi yakson etildi”, dedi general-mayor Shuhrat Xolmuhammedov

Mazkur yig‘ilishning umumiy mazmuni shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston bugun xavfsizlikni faqat qurol bilan emas, ong, texnologiya va tizim orqali ta’minlashga urinmoqda. Terrorizm endi faqatgina portlashlar bilan emas, oddiy  post, video va g‘oyalar bilan ham tahdid qilyapti. Chegara xavfsizligi uchun endi simlar tortilishi yetarli emas. Zamonaviy texnologiya, kamera orqali kuzatuv va dronlar markazga chiqmoqda. Jinoyatlar ko‘lami “yashirilishi kerak bo‘lgan sir” sifatida saqlanmayapti, raqamlar bilan ochiq tan olinmoqda. Eng muhim xulosa esa shuki, Davlat xavfsizligi — faqat kuch ishlatar tizimlar majburiyati emas, balki jamiyat ongining holati bilan bevosita bog‘liq. Agar yosh onglar radikalizm va narkotikdan, jamiyat esa korrupsiyadan xoli bo‘lmasa, eng zamonaviy dron va qurollar ham, eng kuchli qonun ham yakka holda yetarli bo‘lmaydi. Shu sabab yuqoridagi hisobotlarni, bajarilgan ishlarni ko‘rsatish emas, balki ochiq ogohlantirish sifatida qabul qilish kerak! Xavf bor, choralar ko‘rilmoqda, ammo mas’uliyat faqat davlat emas, jamiyat — siz va bizning ham zimmamizda!

Nurzodbek Vohidov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

korruptsiya O'zbekiston Terror narkotik aeroportlar narkojinoyatlar “Bayraktar” “Lochin” DXX raisi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing