Narxlarni oshirayotgan urush yoxud Yaqin Sharqdagi mojaroning “cho‘ntakka zararlari”

Tahlil

image

AQSH-Isroil-Eron urushining boshlanganiga mana 10 kundan oshdi. Na Eron, na Isroil va na tinchlik mukofotlariga da’vogar AQSH rahbari  to‘xtash niyatida emas. Tehron marhum Oyatulloy Ali Xomaniy uchun qasos olmaguncha to‘xtamasligini ta’kidlamoqda. Netanyaxu ma’muriyati uchun esa Eronning amaldagi teokratik rejimi yechilishi zarur bo‘lgan muammo, Donald Tramp esa urushdan charchamasligini o‘z tili bilan aytdi. Agar ushbu urush yaqin orada tugamasa, dunyoni nimalar kutmoqda?

Diniy simpatiya va antisemitistik g‘oyalarni bir chetga surib, sof ratsional fikrlaydigan bo‘lsak, ushbu urushning geosiyosiy xavflaridan tashqari yaxshigini iqtisodiy zararlari ham bor.

Global bozorlardagi silkinish

Boshlanganiga hali ko‘p bo‘lmagan Yaqin Sharqdagi urush, allaqachon dunyo sanoatining yuragiga zarba berib ulgurdi. Butun dunyoda ishlab chiqarishning ajralmas bir bo‘lagi bo‘lgan neft bugun rekord darajada tez qimmatlashmoqda. Eronning Arabiston yarim orolidagi AQSH harbiy bazalariga hujum qilishi Hormuz bo‘g‘ozidagi qatnovning deyarli butunlay to‘xtab qolishiga olib keldi. Vaholanki, ushbu tor suv yo‘lidan dunyo bo‘yicha dengiz orqali tashiladigan neft va suyultirilgan gazning deyarli beshdan bir qismi – taxminan 18–20 million barrel neft olib o‘tiladi.

Neft eksport qilish hajmiga ko‘ra, dunyo reytingida Quvayt yettinchi, Birlashgan Arab Amirliklari beshinchi, Iroq esa uchinchi o‘rinda turadi, Saudiya Arabistoni esa ushbu ro‘yxatning birinchi pog‘onasida. Ushbu davlatlar uchun Hormuz qaysidir ma’noda hayot-mamot masalasi. Negaki iqtisodining asosiy qismi yoqilg‘i eksportidan yurib turgan ushbu davlatlar uchun o‘z neftini bozorga olib chiqish “pul topishning” deyarli yagona yo‘li.

Hormuz bo‘g‘ozining beqarorlashuvi global energiya bozorlarida darhol aks etdi. Neft narxlari qisqa vaqt ichida keskin ko‘tarilib, “Brent” markasidagi neft bir barrel uchun 110–120 dollar oralig‘iga yaqinlashdi. Bir barrel neft narxi Rossiyaning 2022 yilda Ukrainaga bostirib kirganidan keyin ilk marotaba yana 100 dollardan oshdi. AQSHning “West Texas Intermediate” (WTI) neftining ko‘rsatkich narxi yanvar oyida bir barrel uchun taxminan 60 dollarga baholangan edi.  Yaqin Sharqda boshlangan mojaro tufayli bu miqdor deyarli ikki baravarga oshdi. Ayrim tahlilchilarning fikricha, agar mintaqadagi keskinlik saqlanib qolsa yoki bo‘g‘ozdagi qatnov uzoq muddat tiklanmasa, narxlar bundan ham yuqoriga ko‘tarilishi mumkin. Energiya bozoridagi bunday o‘zgarishlar global iqtisodiyot uchun oddiy statistik raqam emas, balki zanjirli reaksiyani boshlab beradigan omildir.

Neftning qimmatlashuvi, o‘z navbatida boshqa turdagi mahsulotlarning ham narxlarini oshishiga sabab bo‘ladi. Negaki har qanday ishlab chiqarishda neft va gaz asosiy yoqilg‘i sifatida qolmoqda. Bundan tashqari, tovar narxlarining keskin qimmatlashuviga logistika muammosi ham ta’sir qiladi. Hormuzdan neft va gazning o‘tmay qolishi, transport yoqilg‘i narxlariga ham sezilarli ta’sir qildi. Buyuk Britaniyaning “RAC” avtomobilsozlik tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, 9 mart kuniga kelib benzinning o‘rtacha narxi 4,95 pensga ko‘tarilib, yiliga 137,78 pensga yetdi, dizel yoqilg‘isi esa 9,43 pensga ko‘tarilib, 151,81 pensga yetdi.

“Agar bu urush bir necha hafta davom etsa, butun dunyo bo‘ylab yalpi ichki mahsulot o‘sishiga ta’sir qiladi. Hamma davlatning energiya tizimi narxi oshadi. Ba’zi mahsulotlarning tanqisligi va ta’minot qila olmaydigan zavodlarning zanjirli reaksiyasi bo‘ladi”, dedi  Qatar Energetika vaziri Saad al-Kaabi.

Yana shuni unutmaslik lozimki, neft bu faqatgina yoqilg‘i emas, millionlab tovarlarni ishlab chiqarishdagi asosiy tarkibiy ingrediyent hamdir. Plastmassa mahsulotlari, qurilish materiallari, sintetik tolalar, farmatsevtika mahsulotlari, o‘g‘itlar, rezina va shinalar, turli bo‘yoq hamda laklar, qator kosmetika vositalarining barchasini tarkibida ushbu “qora oltin”ning ulushi mavjud. Agar neft narxlari oshishi davom etsa, kundalik hayotimizda eng kichik detallarning ham ishlab chiqarish xarajartlari oshib boradi.

Urushning iqtisodiy oqibatlari moliya bozorlarida ham yaqqol sezildi. Yirik fond indekslari keskin tebranishlarga duch kelmoqda, investorlar esa xavfli aktivlardan chiqib, xavfsizroq vositalarga – oltin yoki davlat obligatsiyalariga o‘tmoqda. Albatta, bu hol O‘zbekiston kabi katta oltin eksportchilari uchun yaxshi. Ammo, umumiy kartinada, Yevropa va Osiyo fond bozorlarida aksiyalar qiymati pasayib, ko‘plab kompaniyalar kapitallashuvi milliardlab dollarga kamaydi. Qisqa qilib aytganda, neft ko‘p holatda geosiyosatning barometri. Agar hali-beri mintaqada tinchlik o‘rnatilmasa, neft ortidan butun dunyo iqtisodi “cho‘loqlanib” qoladi.

Urushdan manfaatdor Rossiya

Yaqin Sharqdagi urush global energiya bozorlarini izdan chiqargan bir paytda, bu jarayondan ma’lum darajada foyda ko‘rayotgan davlatlardan biri – Rossiya bo‘lib chiqmoqda. Moskva rasmiylari va xalqaro tahlilchilar fikricha, AQSH va Isroilning Eron bilan to‘qnashuvi energiya bozorida yangi talab va narx o‘sishini yuzaga keltirib, Rossiya eksporti uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda.

So‘ngi haftalarda neft narxlarining keskin ko‘tarilishi va Yaqin Sharqdagi logistika xavflari global bozorlarni Rossiya neftiga yana e’tibor qaratishga majbur qildi. Kreml bayonotiga ko‘ra, Eron bilan bog‘liq urush fonida Rossiya nefti va gaziga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshgan.

“Erondagi urush munosabati bilan Rossiya energiya resurslariga talabning sezilarli darajada oshganini ko‘rmoqdamiz. Rossiya neft va gazning, jumladan, quvur liniyasi gazi hamda suyultirilgan tabiiy gazning ishonchli yetkazib beruvchisi bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolmoqda”, dedi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga.

Bu ayniqsa, Osiyo bozorlarida yaqqol sezilmoqda. Avval G‘arb sanksiyalari tufayli Rossiya energiya eksportining katta qismini Hindiston va Xitoy kabi davlatlarga yo‘naltirishga majbur bo‘lgan edi. Yevropa esa bu borada Rossiyaga yana bog‘lanib qolishdan qo‘qryapti. Ammo, Yaqin Sharqdagi beqarorlik sabab ko‘plab davlatlar energiya ta’minotini diversifikatsiya qilishga harakat qilmoqda va Rossiya bu jarayonda muqobil yetkazib beruvchi sifatida maydonga chiqmoqda.

Energiya narxlarining oshishi Rossiya iqtisodiyoti uchun ham muhim omil hisoblanadi. Chunki mamlakat byudjetining katta qismi aynan neft va gaz eksportiga tayanadi. Shu bilan birga, Rossiya energetika daromadlari so‘ngi yillarda G‘arb sanksiyalari tufayli sezilarli bosim ostida qolgan. Masalan, tahlillarga ko‘ra, so‘ngi yil davomida Rossiya eksport hajmi ortgan bo‘lsa-da, energiya savdosidan tushgan umumiy daromad pasaygan. Shunga qaramay, energiya eksporti hali ham mamlakat iqtisodiy tizimining asosiy tayanchlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Biroq, bu holat Moskva uchun to‘liq strategik yutuq degani emas. Rossiya hali ham sanksiyalar, logistika cheklovlari va narx chegirmalari bilan kurashishga majbur. Shuningdek, energiya narxlarining keskin o‘sishi global iqtisodiyotga bosim o‘tkazib, uzoq muddatda energiya talabining pasayishiga ham olib kelishi mumkin.

Shunday bo‘lsa-da, hozirgi geosiyosiy vaziyat Rossiyaga qisqa muddatli iqtisodiy nafas olish imkonini beryapti. Yaqin Sharqdagi har bir raketa zarbasi yoki logistika uzilishi global energiya bozorini yanada keskinlashtirar ekan, bu holat neft eksportiga tayangan Rossiya iqtisodiyoti uchun vaqtinchalik, ammo sezilarli darajada foydali fon yaratadi.

O‘zbekistonni nimalar kutmoqda

AQSH, Isroil va Eron o‘rtasidagi keskinlikning harbiy mojaroga aylanishi global iqtisodiyot bilan birga O‘zbekiston iqtisodiyotiga ham bilvosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Biroq, iqtisodiy aloqalar tuzilmasiga qaralsa, Eron O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari qatoriga kirmaydi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning umumiy tashqi savdo aylanmasi 81,2 milliard AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lib, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi qariyb 578,9 million AQSH dollarini tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich umumiy tashqi savdo hajmiga nisbatan juda kichik ulushni egallaydi. 2024 yilda esa bu ko‘rsatkich 469,6 million AQSH dollari atrofida bo‘lib, O‘zbekistonning Eronga eksporti 163,5 million AQSH dollarini, importi esa 333 million AQSH dollarini tashkil qilgan. Eron asosan O‘zbekistonga polimer va boshqa neft-kimyo mahsulotlari, plastmassa, sanoat uskunalari, metall buyumlar hamda ayrim qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiladi, xolos.

Shu sababli urushning O‘zbekiston iqtisodiyotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri savdo zarbasi katta bo‘lishi ehtimoldan yiroq. Biroq, asosiy ta’sir logistika va global narxlar orqali sezilishi mumkin. Eron Markaziy Osiyo davlatlari uchun Fors ko‘rfazi portlariga chiqish imkonini beruvchi muhim tranzit yo‘laklaridan biri hisoblanadi. Xususan, Eron orqali dengiz portlariga chiqish O‘zbekiston uchun muqobil logistika yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rib chiqiladi. Agar mintaqadagi harbiy vaziyat kuchayib, transport infratuzilmasi yoki dengiz yo‘llari xavfsizligi yomonlashsa, bu tranzit xarajatlarining oshishiga yoki butunlay to‘xtab qolishiga olib kelishi mumkin.

Urushning yana bir muhim iqtisodiy oqibati global energiya narxlarining oshishidir. Yaqin Sharqdagi keskinlik neft va gaz narxining ko‘tarilishiga sabab bo‘lishini ko‘p bor ta’kidladik. Bu esa O‘zbekistonda ham yoqilg‘i narxlari orqali transport, ishlab chiqarish va logistika xarajatlarini oshirib, global inflyatsiyani kuchaytiradi. Natijada oziq-ovqat, sanoat mahsulotlari va qurilish materiallari narxi ham qimmatlashishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, AQSH–Eron–Isroil mojarosi O‘zbekiston iqtisodiyotiga bevosita savdo zarbasi bermasa-da, global energiya narxlari, logistika yo‘laklari va import xarajatlari orqali bilvosita iqtisodiy bosimni kuchaytirishi mumkin. Garchi o‘zbekistonliklarning cho‘ntagi bu urushdan katta zarar ko‘rmasa-da, global iqtisodiy silkinishlar hammaga ta’sir qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya O'zbekiston Birlashgan Arab Amirliklari Fors ko'rfazi Yaqin Sharq Quvayt Saudiya Arabiston Hormuz AQSh-Isroil-Eron urush

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing