Termizda ayol hamshirani do‘pposladi (video)

Jamiyat

Ijtimoiy tarmoqlarda Termiz shahridagi shifoxonalardan birida yuz bergani aytilgan hodisa videosi tarqaldi.

Videoda katta yoshli ayol shifoxonadagi hamshirani urayotgani aks etgan. Video izohida ayol shifoxonaga bemor bolani olib kelgani aytilgan. Ayol hamshiraga “tez xarakat qilib tibbiy yordam ko‘rsatmayapsan”, deb tibbiyot xodimini kaltaklagan.

Achinarlisi, ayol hamshirani xumoridan chiqquncha do‘pposlayotgan vaqtida atrofdagi ayolu-erkak birdek tomoshabin bo‘lib turgan. Ajratish uyoqda tursin, o‘zini chetga olib, qochib qolgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan o‘rganish o‘tkazib, qo‘yidagilarni ma’lum qildi. Hodisa joriy yilning 5 yanvar kuni soat 19:00 atrofida Surxondaryo viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida yuz bergan.

Markazning qabul bo‘limiga 2017 yil tug‘ilgan bemor F.M.ning tana harorati yuqori ekanidan shikoyat qilib, amakisi hamda buvisi tomonidan murojaat qilingan.

Qabul bo‘limi hamshirasi S.B. birinchi yordam ko‘rsatish maqsadida bemorning tana haroratini o‘lchaydi. Tana harorati yuqori ekanini aniqlagan hamshira haroratni tushirish maqsadida paratsetamol shamchasini qo‘yish uchun bemorni muolaja xonasiga olib kirishni ko‘rsatadi. Shunda to‘satdan bemorning buvisi sababsiz hamshiraning shaxsiyatiga tegadigan haqorat so‘zlar bilan baqirib, uni kaltaklaydi.

Shunga qaramay, qabul bo‘limida navbatchi shifokor A.N. tomonidan bemor F.M.ga birinchi yordam ko‘rsatilgan va “O‘tkir respirator kasalligi” tashxisi bilan statsionar davolanishga yotqizilgan.

Bolaning amakisi, buvisi va qarindoshlari tomonidan kaltaklagan hamshira S.B. “Bosh miya chayqalishi, chap chakka sohasi yumshoq to‘qimalarining ezilishi” tashxisi bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filiali travmatologiya bo‘limiga yotqizilgan. Bemorning ahvoli tajribali shifokorlar tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Ushbu holat yuzasidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi va viloyat prokuraturasiga murojaat qilingan. Mazkur vaziyat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan nazoratga olingan.


Maqola muallifi

Teglar

Termiz shifokor

Baholaganlar

244

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing