Tereza Mey Britaniya parlamentini ham tark etadigan bo‘ldi

Olam

image

Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Tereza Mey 27 yil ichida birinchi marta navbatdagi parlament saylovlarida nomzod sifatida qatnashmaydi. Bu haqda siyosatchining "Maidenhead Advertiser" nashrida chop etilgan bayonotida ma’lum qilindi.

Mey shu tariqa Konservatorlar partiyasining joriy yilga belgilangan saylovlarda ishtirok etishdan bosh tortganini e’lon qilgan navbatdagi vakili bo‘ldi. Undan avval, 2022 yilda lavozimini tark etgan sobiq bosh vazir Boris Jonson hukmron Konservativ partiya yetakchisi va hukumat rahbari lavozimiga nomzod sifatida saylovda qatnashmasligini aytgan. 

Meyning tushuntirishicha, u endi boshqa loyihalarga, jumladan, 2022 yilda tashkil etilgan Zamonaviy qullik va odam savdosi bo‘yicha global komissiya (xalqaro tashabbus guruhi)ga e’tibor qaratmoqchi.

“Bu masalalar ko‘proq vaqtimni oladi. Shuning uchun ham o‘ylanib, masalani o‘rganganimdan so‘ng, kelajakka nazar tashlab, endi parlamentda deputatlik vazifamni bajara olmasligimni angladim. Men buni to‘g‘ri deb hisoblayman va mening saylovchilarim ham buni qo‘llab-quvvatlaydi. Shu sababdan men navbatdagi umumiy saylovda qatnashmaslik bo‘yicha qaror qabul qildim", degan 67 yoshli Mey.

Ma’lumot uchun, Tereza Mey 2016 yil iyulida o‘zidan oldingi bosh vazir Devid Kemeron (2010-2016) iste’foga chiqqanidan keyin hukumat rahbari lavozimiga tayinlangan. 2019 yilda hukumat  va Konservativ partiya rahbari lavozimini tark etgan Meyning o‘rniga Boris Jonson (2019-2022) kelgan. Ayol yuqori rahbarlik lavozimini tark etgach, Angliyaning janubi-sharqidagi o‘z saylov okrugi bo‘yicha parlament a’zosi bo‘lib, keyingi faoliyatini deputat o‘laroq davom ettirgan va shu bilan birga ommaviy tadbirlarda chiqish qilib daromad olgan. "Sky News" ma’lumotlariga ko‘ra, u o‘z chiqishlari ortidan, 2019 yildan beri 2,5 million funt (3,2 million dollar) daromad olgan.

Qayd etish kerakki, Birlashgan Qirollikning navbatdagi umumiy saylovi 2025 yilning 28 yanvaridan kechiktirmay o‘tkazilishi kerak. Bosh vazir Rishi Sunak saylovni 2024 yilning ikkinchi yarmida o‘tkazish niyatida ekanini bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Tereza Mey parlament Birlashgan Qirollik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing