Tennis: Jokovich US Open’da Olimpiada uchun qasos olmoqchi

Sport

image

Tennis bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi yilning eng so‘nggi musobaqasi hisoblangan US Open’da yarim final juftliklari ma’lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, dunyoning birinchi raqamli tennischisi Novak Jokovich Tokio Olimpiadasi g‘olibi Aleksandr Zverevga qarshi kortga chiqadi.

Tokiodagi so‘nggi Olimpiya o‘yinlarining yarim finalida Zverev Jokovichni 1:6, 6:3, 6:1 hisobida mag‘lub etgandi. “Katta Dubulg‘a” turkumining 20 karra g‘olibi hisoblangan Jokovich bahsdan avval mazkur bahsni eslab o‘tdi.

“Olimpiya o‘yinlarining yakuni men uchun hissiy jihatdan juda qiyin bo‘lib chiqdi. Lekin yarim finalgacha qiyinchilikka duch kelmadim. Zverev bilan o‘yinda ham ustunlikka erishayotgan edim. Shu bilan birga u ham mukammal o‘ynadi. G‘alaba uchun qo‘limdan kelgancha harakat qildim. Biroq, mag‘lubiyatlar ham uchrab turadi.

O‘shanda zarbalarimga shubha qila boshlagandim va Zverev mening holatimni yaxshi tushundi. Uning o‘ziga xos o‘yin uslubi bor. Yakunda Aleksandr oltin medalni qo‘lga kiritdi va Olimpiadadan so‘ng, birorta o‘yinda yutqazmadi”, deydi serbiyalik tennischi ATP rasmiy saytiga bergan intervyusida.

Jokovich Zverev bilan bo‘lajak bahsdagi imkoniyatlariga baho berdi:

“Medvedev ham Zverev kabi ajoyib holatda. Lekin bu yerda o‘yinlar besh setli formatda o‘tkaziladi. Bu “Katta Dubulg‘a” turkumiga kiruvchi turnir. Ha, so‘nggi yillarda Zverev AQSH ochiq chempionatida yaxshi ishtirok etdi. O‘tgan yili esa finalga qadar yetib keldi. Men natijani oldindan aytib berolmayman. Bizni murosasiz bahs kutmoqda, lekin men bunga tayyorman. Maqsad yo‘lida bu to‘siqni yengib o‘tishim kerak”. 

Eslatib o‘tamiz, uchrashuv ertaga, 10 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Ma’lumot uchun, Jokovich joriy yilda “Katta dubulg‘a” turkumidagi uchta musobaqada g‘olib bo‘ldi. US Open’dagi g‘alaba orqali serbiyalik tennischi afsonaviy Royd Leyverning natijasini takrorlaydi. Avstraliyalik Leyver 1969 yilgi mavsumda to‘rtta nufuzli turnirda ham g‘olib bo‘lgan. Shundan so‘ng, hech bir tennischi bunday natijaga erisha olmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Novak Jokovich Aleksandr Zverev US Open

Baholaganlar

19

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing