“Tender chellenj” navbati Xorazmga: viloyat “zamhokim”ining ukasi 20 mlrdlik davlat buyurtmasini yutgan
Jamiyat
−
28 dekabr 2020
6809Xorazm viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Bahrom Sharipovich Qurbonov joriy yilning mart oyida hozirgi lavozimiga tayinlangan. Bahrom Qurbonov raislik qilgan tender komissiyasida uning ukasi – “Bunyodkor” MCHJ rahbari Ulug‘bek Sharipovich Qurbonov Xorazm viloyati Urganch shahridagi perinatal markazini rekonstruksiya qilish bo‘yicha 20 mlrd so‘mlik davlat buyurtmasini yutgan.
Telegram’dagi “davletovuz” kanali xabariga ko‘ra, joriy yilning 25 iyun kuni Bahrom Sharipovich Qurbonov raisligida Xorazm viloyati Urganch shahridagi perinatal markazini rekonstruksiya qilish bo‘yicha tender savdo komissiyasi majlisi bo‘lib o‘tgan. Komissiya qiymati 20 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan inshootni qurish uchun “Bunyodkor” MCHJ ni g‘olib sifatida tanlab olgan. Mazkur korxona ulushlari, yuridik shaxslar reyestriga ko‘ra, to‘lig‘icha Ulug‘bek Sharipovich Qurbonovga taalluqli bo‘lgan. Kanal muallifining yozishicha, u viloyat hokimi o‘rinbosari, tender komissiyasi raisi Bahrom Qurbonovning yaqin qarindoshi – ukasi hisoblanadi.
Qayd etilishicha, mazkur kompaniya, shuningdek, Urganch shahar “Ashxobod” mahalla fuqarolar yig‘inidagi ichimlik suv tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha tenderda g‘am g‘olib bo‘lgan. Tender natijalari joriy yilning sentyabr oyida e’lon qilingan. Qariyb 7 mlrd so‘mlik ob’ekt bo‘yicha tender komissiyasi raisi Uy-joy va kommunal xo‘jalik vaziri bo‘lgan, lekin u yig‘ilishda “uzrli sabablarga ko‘ra” qatnasha olmagan.
“Shuning uchun madaniyatli jamiyatlarda bunday davlat buyurtmalarida chinovnikning korxonasi ishtirok etmaydi, hech qachon amaldor ukasi yoki akasi nomidagi kompaniya ishtirok etayotgan tenderda komissiya raisi bo‘lmaydi. Bu – absurd. Bu – jinoyat. Bu – korrupsiya. Yuqoridagi holatlar, nazarimizda, manfaatlar to‘qnashuvi, qonun buzilishi joylarda chuqur ildiz otganini, muammoga tizimli yechimlar izlash kerakligini ko‘rsatmoqda”, deb yozadi “davletovuz” kanali muallifi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzaxda 2 mlrd so‘mlik davlat buyurtmasi viloyat hokimining qiziga berilgan bo‘lishi mumkinligi xabar qilingandi.
Shuningdek, Andijon viloyatida qarindoshlar bir necha milliardlik davlat buyurtmalarini bo‘lib olgani haqida xabar berildi.
Keyinchalik, Prokuratura Andijonda qarindoshlar o‘rtasida taqsimlangan davlat buyurtmalari bo‘yicha tekshiruv boshlagani ma’lum bo‘ldi.
LiveBarchasi