Yil boshidan beri o‘tkazilgan tender savdolarining yarmidan ko‘pida raqobatga zid harakatlar aniqlandi
Jamiyat
−
19 iyul
29432024 yilning yanvar-iyun oylari davomida davlat buyurtmachilari tomonidan tovar, ish, xizmat va qurilish sohalarida o‘tkazilgan boshlang‘ich qiymati 6,065 trln so‘mlik bo‘lgan 9 322 ta tanlov (tender) savdolari yuzasidan olib borgan tahlillar natijasida 5 153 ta (55,2 %) savdo jarayonida 6 611 ta raqobatga zid harakatlar aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lum qildi.
Bildirilishicha, mazkur muddatda quyidagicha raqobatga zid harakatlar aniqlangan.
- tovar moddiy boyliklar xaridi bo‘yicha buyurtmachilar tomonidan amalga oshirilgan 7670 ta tanlov (tender) savdolarida 5287 ta;
- qurilish sohasi bo‘yicha 194 ta tanlov (tender) savdolarida 125 ta;
- ish, xizmatlar bo‘yicha buyurtmachilarning amalga oshirgan 1500 ga yaqin tanlov (tender) savdolarida 1199 ta.
Qayd etilishicha, qo‘mita tomonidan jami 5153 ta xaridlarda qonunbuzilish holatlari aniqlangan bo‘lib, shundan 3 423 tasi huquqni muhofaza qilish organlariga vakolat doirasida choralar ko‘rish bo‘yicha taqdim etilgan. 157 ta xaridlardagi qonunbuzilishlar buyurtmachilar tomonidan ixtiyoriy bartaraf etilgan.
Shuningdek, 1 573 ta xaridlar yuzasidan 562 ta ish qo‘zg‘atilib, tegishli choralar ko‘rilgan. Davlat xaridlarida qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan 535 ta mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
O‘tgan davr mobaynida Qo‘mitaga mazkur sohada yuridik va jismoniy shaxslardan jami 317 ta murojaat va arizalar kelib tushgan.
Shundan 293 ta murojaat Qo‘mita tomonidan o‘rganilgan, 24 tasi vakolat doirasida ko‘rib chiqish uchun tegishli tashkilotlarga yo‘naltirilgan.
Qo‘mitaga kelib tushgan murojaatlar o‘rganilganda, O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilganligi aniqlandi.
Masalan, “Biznesni rivojlantirish banki” ATBning 2024 yil 7 fevralda boshlang‘ich qiymati 7 mlrd 800 mln so‘mlik axborotlashtirish qurilmalarini yetkazib berish bo‘yicha tanlov savdosi e’lon qilingan. Mazkur tanlov savdosida qonunchilik talablari buzilgan deb topilib, Qo‘mitaning tegishli qaror va ko‘rsatmasi berilgan.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJning hududiy filiallari jumladan, Toshkent shahar hududiy filiali 2024 yil 7 fevralda e’lon qilgan boshlang‘ich qiymati 6 mlrd 400 mln so‘mlik “Transformatorlarni ta’mirlash xizmatlari” uchun hamda Jizzax viloyati hududiy filiali tomonidan esa boshlang‘ich qiymati 1 mlrd 575 mln so‘mlik o‘tkazilgan tanlov savdolarida ham qonunchilik talablari buzilgan deb topilgan va buyurtmachiga tanlov savdolari natijasini bekor qilinishi bo‘yicha Raqobat qo‘mitasining tegishli ko‘rsatmasi berilgan.
Shuningdek, Ftiziatriya va pulmonologiya tibbiy reabilitatsiya markazining 2024 yil 6 fevralda e’lon qilingan “Shifoxonada davolanayotgan bemorlarga tayyorlanadigan parhez taomlarni tayyorlash uchun autsorsing xizmati” sohasida 1 mlrd so‘mdan ortiq tender savdolarida qonunbuzilish aniqlangan va uni bekor qilish bo‘yicha ham Qo‘mitaning tegishli ko‘rsatmasi berilgan.
Bildirilishicha, Raqobat qo‘mitasi tomonidan davlat xaridlarida raqobatni cheklashga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar sodir etilishining oldini olishga qaratilgan tizimli ishlar davom ettirilmoqda.
LiveBarchasi